Germaniya parlamenti armanlar o'limini "genotsid" deb atadi

  • Amerika Ovozi

Germaniya qonunchilari muhokama qilayotgan loyiha matniga ko'ra, armanlarning o'limi ommaviy qatliom bo'lib, o'tgan asr sahifalariga "dahshatli tarzda" muhrlangan.

Turkiya rasmiylari, agar Germaniya qonunchilari armanlarning turklar tomonidan o'ldirilishini genotsid deb atasa, ikki davlat munosabatlariga putur yetadi, degan edi.

Qonun loyihasi matniga ko'ra, armanlarning o'limi ommaviy qatliom bo'lib, o'tgan asr sahifalariga "dahshatli tarzda" muhrlangan. Hujjat Usmoniylar imperiyasining o'sha paytdagi ittifoqchisi Germaniyani ham muammoga qisman aloqador deb topadi.

Armaniston da'vosiga ko'ra, 1915-yildan 1917-yilgacha 1,5 million odam o'ldirilgan. Turkiya esa bir necha yuz ming arman o'lgan deb keladi va buning genotsid darajasida bo'lganini inkor etadi.

Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim fikricha, qonun - "bema'nilik".

Prezident Rajab Toyib Erdog'an ham qonunni qoralab, kelajakda Germaniya bilan diplomatik, iqtisodiy, tijoriy, siyosiy va harbiy hamkorlikka zarar yetadi deya ogohlantirgan. U Germaniya kansleri Angela Merkel bilan telefonda shu haqda gaplashgan edi.

Germaniyada uch millionga yaqin turk yashaydi. 28-may kuni Berlinda ularning bir qismi qonunga qarshi namoyish o'tkazdi.

Shu paytgacha 20 ga yaqin davlat armanlar o'limini genotsid sifatida rasman tan olgan. Ular orasida Rossiya va Fransiya ham bor.

Ammo bir qator yetakchi davlatlar, xususan, AQSh fojeani ommaviy qatliom deb hisoblamaydi. Prezident Barak Obama uni XX asrning 1-ommaviy shafqatsizligi deb atagan, ammo genotsid so'zini ishlatmagan. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun esa uni "shafqatsiz jinoyatlar" deb nomlagan.

Turkiya rahbari Erdog'an Yevropa bilan muhojirlar yuzasidan bitimni bekor qilishi mumkin. Hujjatga ko'ra, Anqara muhojirlarni o'ziga olib qoladi va evaziga ittifoqdan bir necha milliard dollar moliyaviy yordam oladi.

Hozir Turkiyada Suriyadan kelgan uch millionga yaqin qochoq bor.

Erdog'anning talabi shuki, Bryussel, kelishilganidek, Turkiya fuqarolariga Yevropaga vizasiz kirish huquqini berishi kerak. Yevropa Komissiyasi may oyi boshida turkiyaliklarga vizasiz rejim joriy qilishni ma'qullagan edi, ammo, avvalo, inson huquqlariga oid bir qator shartlarni bajarishni so'ragan.

Anqara norozi va aloqalar tarang. Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo'shilish masalasi esa hanuz mavhum bo'lib turibdi.

Aprel oyida chiqqan hisobotga ko'ra, Turkiya hukumati demokratiyani bo'g'ib, inson huquqlari va matbuot erkinligini poymol qilmoqda. Anqara bu ayblovlarni inkor qiladi.