Ukraina sharqida xavfsiz koridorlar ochiladi

  • Amerika Ovozi

Donetsk, Ukraina

Prezident Petro Poroshenko bir necha oydan beri to’qnashuvlar iskanjasida qolayotgan sharqda aholi qatnovi uchun sharoit yaratmoqchi.
Ukraina prezidenti Petro Poroshenko bir necha oydan beri to’qnashuvlar iskanjasida qolayotgan sharqiy viloyatlarda aholi qatnovi uchun xavfsiz yo’laklar ochishni buyurdi.

Armiya hukumat binolarini isyonchilardan qaytarib olishga urinayotgan bir paytda tinch aholi orasida talofatlarning oldini olmoqchimiz, deydi prezident.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina rahbarining qarorini olqishladi.

Sankt-Peterburgda Germaniya va Polsha tashqi ishlar vazirlari bilan ko’rishgan Lavrov so’zlariga ko’ra, Ukrainada olishuvlarni bas qilish kerak. Oblastlar o’rtasida muzokaraga sharoit yarataylik, deydi u.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko’ra, rasmiylar Rossiya bilan muloqot qilib, Lugansk va Donetsk kabi chegaradosh viloyatlarda olishuvlarni tugatish borasida dastlabki murosaga erishgan.

Taraflar Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti vositachiligida muzokara qilgan edi.

Shuningdek, AQSh Davlat kotibi muovini Viktoriya Nulandning aytishicha, Vashington Ukraina sharqida iqtisodiy ahvolni yaxshilab, tinchlikni qayta tiklash tashabbuslarini qo’llab-quvvatlaydi. Bugun Kiyevda matbuot anjumani o’tkazgan Nuland Ukraina xalqini prezident saylovlari bilan qutlab, jarayonni xolis va erkin deb ta’rifladi.