BMT boy davlatlarni iqlim ravnaqi uchun ko'proq mablag' ajratishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Nyu-York, 3-oktabr, 2022

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 3-oktabr kuni dunyo ahliga murojaat qilib, har yili iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi kamida 100 milliard dollar ajratish va'dasini eslatmoqda. Mablag' asosan rivojlanayotgan davlatlar uchun zarur.

“Tobora murakkablashayotgan sharoitga moslashish uchun sarflanadigan bu pul aslida zaruratlarning yarmini qoplaydi", - deydi Guterrish.

Masala bu hafta Kongo poytaxti Kinshasa shahrida muhokamada. Anjuman keyingi oy, 6-18 noyabr kunlari, Misrning Sharm al-Shayx shahrida davom etadi.

BMT hisobicha, atmosferaga eng ko'p zarar yetkazayotgan mamlakatlar aslida dunyoning eng rivojlangan 20 yirik davlatidir. Ammo, deydi Guterrish, ular zararni bartaraf etish uchun yetarlicha harakat qilmayapti va moliya bermayapti.

Xitoy ko'chalarida

Guterrish deydiki, shu paytgacha BMT yig'inlarida Katta Yigirmalik atrof-muhit muhofazasi va iqlim ravnaqi uchun ulkan va'dalar berib kelgan, ammo bu so'zlar qog'ozda va matbuotda qolib ketmoqda.

Dadil qadamlar tashlanmasa, kelajak qorong'i, deya ogohlantirmoqda BMT.

“Yer yuzida vaziyat kutib turmaydi, salbiy o'zgarishlar o'z-o'zidan to'xtab qolmaydi”, - deydi BMT Bosh kotibi.

"Zaharli gazlar katta miqdorda chiqishda davom etmoqda, atmosfera zararlanishi ozaymayapti".

Guterrish ta'kidlashicha, har bir hukumat, biznes, investor va tashkilot salmoqli hissa qo'shib, konkret choralar ko'rishi shart.

“Bu qadamlar har bir qishloq va shahardan, har bir mamlakatdan boshlanadi va global tus olishi kerak. Aks holda sayyoramiz xavf ostida. Bu salbiy o'zgarishlarni shubhaga olish davri o'tib ketdi. Iqlim kelajagi uchun katta ishlar qilmasak, bo'lmaydi".