Saudiya shahzodasi Qoshiqchi o'limiga aloqador bo'lishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Agnes Kallamar

Jurnalist Jamol Qoshiqchining o’ldirilishiga Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad Bin Salmon bevosita aloqador bo'lishi mumkin, buni isbotlovchi "ishonchli dalillar" bor, demoqda besh oylik tekshiruvini yakunlagan BMT maxsus tergovchisi Agnes Kallamar.

Audio yozuvlar va Saudiyaning Turkiyadagi konsulligidan yig'ib olingan dalillarga asoslanib, 101 betdan iborat hisobotda jurnalist hayotining so'nggi lahzalari tasvirlanadi.

Qoshiqchi shahzoda Muhammad bin Salmonning ashaddiy tanqidchilaridan edi. AQShning "Vashington Post" gazetasi uchun ishlagan jurnalist o'tgan yili 2-oktabrda Istanbuldagi konsullikka kirib ketib, qaytib chiqmagan.

Keyinchalik ma’lum bo’lishicha, Qoshiqchi konsullik binosida o’ldirilib, tanasi parchalab tashlangan. Uning jasadi topilmagan.

Jamol Qoshiqchi

BMT eksperti o'z tekshiruvida Turkiya razvedkasi ma'lumotlaridan keng foydalangan, ammo uni Saudiya Arabistoniga qo'yishmadi.

BMT maxsus tegovchisi qotillikni aynan kim buyurganini aniqlay olmagan, biroq jinoyat uchun Saudiya davlatini mas’ul deb hisoblaydi.

“Saudiya rahbarlari, jumladan, shahzoda ham bu jinoyatdan bexabar bo’lgan bo’lishi mumkin emas. Zotan, ularning jinoyatga aloqadorligini ko'rsatuvchi ishonchli dalillar bor. Tergov qilinishi lozim bo’lgan qator masalalar turibdi. Jurnalist Qoshiqchining qismati haqida shahzoda bilganmi? Qotillikka uning o’zi bevosita yoki bilvosita buyurtma berganmi? Yoki shahzoda ehtiyotkorlik chorasini ko’ra olmaganmi? Qotillik missiyasi boshlanganida jinoyatning oldini olishi mumkin bo’lgan holda shahzoda aksincha qaror qilganmi? Nazarimda, navbatdagi tergov ishi yuqoridagi savollarga oydinlik kiritishi kerak. Shuningdek, qotillikka aloqador boshqa shaxslarni ham javobgarlikka tortishi lozim”, - deydi Agnes Kallamar.

Saudiya Arabistonida qotillikka aloqador 11 kishi sud qilinmoqda, biroq sud yopiq eshiklar ortida o'tmoqda va ayblanuvchilarning shaxsi ma’lum qilinmagan. Kallamar adolatli sud bo’lmayapti degan xavotirda.

Jamol Qoshiqchining o’limi xalqaro miqyosda jiddiy bahs-munozaralar uyg’otdi. Tramp ma'muriyati voqeani qoralagan bo'lsa-da, Saudiya Arabistoni bilan strategik munosabatlar joyida qolishini bildirmoqda.