Suriyada kimyoviy qurollarni kim ishlatgani tekshiriladi

  • Amerika Ovozi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Suriyada xlor gazi va boshqa kimyoviy qurollarni qo'llagan guruhlarni topib jazolashga qaratilgan rezolyutsiya qabul qildi.

Bunday qurollar aholiga qarshi ishlatilganini tekshiradigan xalqaro tashkilot bor, lekin javobgarlarni aniqlash shu paytgacha bu organ vakolatiga kirmagan.

Xavfsizlik Kengashi bir ovozdan ma'qullagan rezolyutsiya doirasida yangi bir mexanizm joriy etilmoqda va ekspertlar guruhi tuziladi.

AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer kengash qarorini olqishlamoqda. "Jinoyatchilarni fosh etish o'ta muhim. Tasavvur qiling, jinsiy zo'ravonlik, qiynoq va qotilliklarni tekshirishni so'ray turib, bunday vahshiyliklarni kim amalga oshirgani bilan qiziqmasak, bu qanday holat?" - deydi u.

Aytish joiz, Qo'shma Shtatlar va Rossiya Suriya mojarosini qanday hal qilish bo'yicha turlicha fikrda, ammo mamlakatdagi kimyoviy qurollarni yo'q qilish zarurligini tan olishadi.

Ikki kun ilgari AQSh Davlat kotibi Jon Kerri hamkasbi Sergey Lavrov bilan rezolyutsiya matni ustida kelishib olgan edi.