Saylov-2016: Respublikachi nomzodlar soni ko'paymoqda

  • Amerika Ovozi

Luiziana shtati gubernatori Bobbi Jindal, hind muhojirlar farzandi, prezidentlikni ko'zlayotgan arboblardan biri

AQShda prezidentlikka da’vo qilayotgan respublikachilar soni – milliarder Donald Tramp, Florida shtatining sobiq gubernatori Jeb Bush va Luiziana gubernatori Bobbi Jindal ham o’z nomzodini e’lon qilganidan keyin – 13 nafarga yetdi. Biroq yaqin orada yana uch arbob poygaga kirishi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Saylov-2016: Respublikachi da'vogarlar soni ko'p - Navbahor Imamova

Avgust boshida debatlar boshlangach respublikachi da’vogarlar uchun ko’p narsa oydinlashadi. Xalq ularga aniqroq baho bera boshlaydi.

Nyu-Yorkdan milliarder Donald Tramp Amerika iqtisodiyotini tubdan isloh qilish va Meksika chegarasi bo’ylab devor qurish va bu bilan noqonuniy immigrantlar oqimini to’xtatishni va’da qilmoqda.

“Mamlakatimiz buyuk rahbarga muhtoj. Bizga Amerika buyukligini qaytaradigan rahbar kerak”.

Tramp reytingi baland arboblardan biri. U televizion shoulari bilan, shuningdek, shov-shuvli bayonotlari bilan tanilgan.

Sotsiolog Piter Braun so’zlari bilan aytganda, “janob Tramp ba’zi saylovchilar uchun g’aroyib nomzod”.

Trampdan bir kun oldin prezidentlikka da’vo qilishini Florida shtatining sobiq gubernatori, Bushlar sulolasining yana bir vakili Jeb Bush e’lon qildi.

“Mamlakatimiz kelajagini o’z qo’limizga olamiz. Barcha uchun teng imkoniyatlar yaratamiz, xalqaro masalalar bizga ma’qul oqibatlarga olib kelishini ta’minlaymiz,” - dedi u.

Boshqa respublikachi nomzodlarga qaraganda Jeb Bush ko’proq mablag’ yig’a olishga qodir. Ammo unga akasi, sobiq Prezident Jorj Bushning salbiy imiji ta’sir qilishi mumkin.

Larri Sabato Virjiniya universitetida Siyosat markazini boshqaradi.

“Respublikachilarning qarorlariga Bushni qo’llab-quvvatlayotgan yirik donorlar ta’sir ko’rsatadi. Ammo Bush partiya o’zagida zarur tayanchga ega emas. Bu esa katta muammo,” - deydi u.

Kelasi haftalarda Viskonsindan Skott Voker, Ogayodan Jon Kasich va Nyu-Jersidan Kris Kristi ham poygaga qo’shilishi kutilmoqda.

“So’nggi so’rovlardan ko’rinib turibdiki, respublikachilar poygasi juda chigal va murakkab bo’ladi. Nomzodlar juda ko’p. Ular orasidan ajralib chiqish oson bo’lmaydi”,- deydi tadqiqotchi Braun.

Reytinglarda Bush, Uolker va Floridadan senator Marko Rubio oldinda ketmoqda.