AQSh generali Afg'onistonga ko'proq qo'shin yuborish zarur deydi

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonda Amerika boshchiligidagi chamasi 14 ming kishilik xorijiy askarlar qolgan

Amerika qo'mondonining aytishicha, Afg'onistonda Tolibon bilan 15 yillik urushda burilish yasash uchun yana bir necha ming kishilik xalqaro qo'shin zarur.

Afg'onistonda Amerika boshchiligidagi chamasi 14 ming kishilik xorijiy askarlar qolgan. 2011-yilda ular soni 100 mingdan ziyod edi.

Amerika qo'mondonining Senat qurolli kuchlar qo'mitasiga aytishicha, ko'proq askar zarur.

"Bir necha ming harbiyga ehtiyoj bor", - deydi General Jon Nikolson.

U Afg'oniston armiyasi ko'rayotgan og'ir talafotlarni misol qildi.

Mahalliy kuchlarga havodan madadni oshirish kerak, armiya safi kelasi to'rt yilda ikki karra kengayishi uchun sharoit yaratish zarur, deydi u.

"Ag'oniston armiyasining qudrati maxsus kuchlari va harbiy havo kuchlarida. Ana shularni mustahkamlash kerak", - deydi u.

Nikolsonning aytishicha, Rossiya NATOni va uning hamkorlarini qo'porishga urinayotgani bu kurashga pand bermoqda.

"Rossiya Tolibonni qonuniy harakat deya e'tirof eta boshladi. Toliblar "Islomiy davlat"ga qarshi olishmoqda, Kobul esa "Islomiy davlat"ga qarshi chora ko'rmayapti, degan qarashni olg'a surmoqda. Bu yolg'on talqin", - deydi general.

Amerika va Afg'oniston kuchlari "Islomiy davlat"ni aksariyat hududlardan siqib chiqargan va jangarilar asosan Nangarhor viloyatida qolmoqda. Lekin qonxo'r to'da xurujlarni amalga oshirishga qodir ekanini namoyish etib, Kobulda shu hafta 20 kishini o'ldirdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 10-fevral, 2017-yil