Tekin kitoblar dasturi bolalar orasida savodxonlikni oshirmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Bepul kitob beradigan avtomatlar, Vashington

Odatda bolalar avtomatlardan shokolad, kartoshka chipsi yoki ichimlik sotib olishga shoshiladi. Ammo poytaxt Vashingtonda noyob avtomatlar ko’paymoqda. Ulardan kitoblar olish mumkin. Xuddi kutubxonadek. Tekinga va hech qanday hujjatsiz. Kitoblarni qaytarmasa ham bo’ladi. Bu bilan besh yil avval boshlangan loyiha xodimlari bolalar orasida savodxonlikni oshirib, o’qishga qiziqishni kuchaytirmoqchi.

Bolalarga yoqadigan o’nlab kitoblarni olish oson. Buning uchun bitta knopkani bosish kifoya.

Dinozavr va fillar, askar va robotlar va boshqa mavzudagi hikoyalar…

Bolalarga ham bu ma’qul.

Kitob beradigan avtomatlar dasturiga “Jetblue” havo yo’llari homiylik qilmoqda.

“Bolalarni yoshligidan kitob o’qishga o’rgatish, bir umrga o’qishga qiziqishni rivojlantirish juda muhim. Bunday bolalardan kelajakda bizning samolyotlarda va boshqa bo’limlarimizda ishlaydigan zo’r mutaxassislar chiqadi,” - deydi kompaniya xodimi Gibbs.

Kitoblar tekin, bolalar ularni olib qolishi ham mumkin.

“Dasturimizdan maqsad uyida yoshiga mos kitobi bo’lmagan bolalarga kitob berish. Ular o’zi kitobni ko’radi, tanlaydi, o’qish uchun uyiga olib ketadi. Kattalar unisini emas, bunisini tanla deb aytmaydi,” - deydi Gibbs.

Mana bu kitob tarqatuvchi avtomat cherkov binosida joylashgan. Kambag’al mahallada o’rnatilgan uch avtomatdan biri. Bu hududda yashaydigan bolalar kitob o’qimaydi, ayrimlari o’qishni ham bilmaydi. Ota-onalarning kitob sotib olishga puli yo’q.

“Avtomatlar oilalar ko’p boradigan joylarda o’rnatilgan, ibodatxona, do’kon va shunga o’xshash ommaviy joylarda. Oilalar o’z kutubxonalarini yig’a boshlashiga qarata qo’yilgan ilk qadam bu,” - deydi Qor atanli bola rivojlanishi institutidan Tobeka Grin.

Bolalar xursand.

“Chunki kitoblardan ko’p narsa o’rganish mumkin. O’qimasang, bilmaysan,” - deydi ikkinchi sinf o'quvchisi Ayana .

Jeylin unga qo'shiladi: “Chunki katta bo’lganimda yaxshiroq o’qiyman”.

“Vaziyat tubdan o’zgaradi, degan umiddaman. Ko’pgina do’konlar ham kitob avtomatlarini ornatishga qiziqish bildirmoqda,” - deydi Grin.

Bu debocha bir dastur. Homiylar kitob tarqatuvchi avtomatlar boshqa mahallalarda ham ko’payadi, degan umidda. Bu esa savodxonlikni oshiradi va kitoblarga qiziqishni kuchaytiradi.