Senat va Vakillar palatasida byudjet bo'yicha umumiy kelishuvga erishildi

  • Amerika Ovozi

Senatda Assignatsiyalar (mablag'lar) qo'mitasining raisasi Barbara Mikulski demokratlar nomidan muzokarada qatnashgan

AQSh Kongressining Vakillar palatasi va Senatidagi qonunchilardan iborat muzokarachilar guruhi hukumatni sentabrgacha moliyalashga imkon beruvchi 1,1 trillion dollarlik byudjet bo’yicha kelishib olib, federal hukumat faoliyatining to’xtab qolmasligini ta’minlash yo’lida muhim qadam qo’ydi.

Ikki asosiy partiya qonunchilarining tortishuvi oqibatida byudjet qabul qilinmay oktabr oyida hukumat 16 kunga qisman yopilgan edi.

Kelishuvga ko’ra, yangi byudjetda xorijdagi harbiy amaliyotlar uchun 92 milliard dollar ajratiladi. Pulning aksariyati Afg’onistondagi xarajatlarni qoplashga sarflanadi. Nogiron urush faxriylariga belgilangan nafaqa ham to’liq holda tiklanadigan bo’ldi.

Muzokaralarga demokratlardan Senat Assignatsiyalar (mablag'lar) qo'mitasining raisasi Barbara Mikulski, respublikachilardan Vakillar palatasida ayni qo'mita raisi Xarold Rojers bosh bo'lgan.

Tomonlar Obama ma’muriyatining olqishiga sazovor bo’lgan yuqori tezlikdagi temir yo’l loyihalarini moliyalashdan voz kechdi. Biroq muxolif respublikachilar prezident taklif etgan tibbiy sug’urta pulini kesa olmadi.

Yangi byudjet Vakillar palatasi va Senat tomonidan qabul qilinib, prezident uni imzolaguncha, hukumat faoliyati vaqtinchalik qaror hisobiga moliyalanadi.