Qo'shma Shtatlar Xitoy va uning qo'shnilarini Janubiy Xitoy dengizidagi hududiy tortishuvlarni diplomatik yo'l bilan hal qilishga undamoqda.
Davlat kotibi Jon Kerri bu haqda Pekinda, yillik AQSh-Xitoy Strategik va iqtisodiy muloqotining ochilishida so'zladi.
"Qo’shma Shtatlar da’vogar davlat emas, hech bir mamlakatning dengizdagi hududlarga da’vosini qo’llab-quvvatlamaydi. Biz masalaning diplomatiya, barcha tomonlar ishtirokidagi muzokara yo’li bilan hal etilishi tarafdorimiz va davlatlarni xalqaro andozalar va qonun ustuvorligi asosida diplomatik yechim topishga chaqiramiz”, - dedi Kerri.
Janubiy Xitoy dengizidagi qoyalar va kimsasiz orollarga Xitoydan tashqari Tayvan, Vyetnam, Filippin, Bruney va Indoneziya ham da’vo qiladi. Pekin bu hududlarni o’zlashtirayotgani, harbiy inshootlar qurayotgani ziddiyatlar oshishiga sabab bo'lib kelmoqda.
Janubiy Xitoy dengizi muhim savdo yo’li bo’lib, yiliga besh trillion dollarga teng mahsulotlar olib o’tiladi. Shuningdek, hududda yirik neft va gaz zaxiralarining borligi aytiladi.
Pekin AQShni dengiz va orollar uzra samolyotlarini uchirib, josuslik qilayotganlikda ayblab, Havo mudofaasi uchun identifikatsion zonasi yaratmoqchi. Ya’ni barcha xorijiy samolyotlar bu hududlar uzra parvoz qilishdan oldin Xitoydan ruxsat ollishi kerak bo’ladi.
Vashington va qo’shni davlatlar bu tashabbusga qarshi. Prezident Si Zinpin deydiki, Xitoy va Amerika o'zaro tafovutlarni "pragmatik va konstruktiv" tarzda hal qilib borishi darkor.
Pekindagi muloqot chog’ida iqlim o’zgarishi, yadro qurollari tarqalishiga qarshi kurash, kiber-xavfsizlik, iqtisodiy aloqalar, atrof-muhit va okean muhofazasi, yovvoyi hayvonlar noqonuniy oviga qarshi kurash, tijoriy aviatsiya tizimlari xususida ham fikr almashinadi.