Prezidentlikka nomzodlar yoshlar ko'nglini ovlamoqda

  • Amerika Ovozi

AQShda prezident saylovi shu yilning 8-noyabrida o'tadi

AQShda Demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzodlar Ayova shtatida yoshlar va ozchilikdagi guruhlar vakillari ishtirokidagi forumda qatnashdi. Sobiq davlat kotibi Xillari Klinton va Senator Berni Sandersning bu shtatdagi reytingi deyarli baravar. 1-fevral kuni Ayovada partiyadan yagona nomzodni tanlash bo’yicha demokratlarning ilk qurultoyi bo’lib o’tadi.

Immigratsiya haqidagi savolga javob berar ekan, Klinton deportatsiyalarga qarshi ekanini bildirdi.

"Immigratsion qonunlar ijrosini reydlar yordamida kafolatlab bo’lmaydi. Aksincha, ular odamlarni bir-biridan ajratadi, jamiyatda tartibsizlik va qo’rquv urug’larini sochadi”, - dedi Klinton.

Yana bir demokrat-nomzod, Merilend shtatining sobiq gubernatori Martin Omalli ikki raqibidan ancha ortda, so'rovlarda qariyb 4 foiz olgan.

Uning fikricha, Markaziy Amerikada mamlakatlaridagi jinoiy to’dalardan qochib, AQShga kelgan ayol va bolalarni ortga qaytarmaslik kerak.

Iqtisodga kelsak, Klinton eng badavlat fuqarolarga solinadigan soliqni to’rt foizga oshirish rejasini e’lon qildi. Bu loyiha yiliga 5 million dollardan ko’proq pul topadigan amerikaliklarga taalluqli. Bu - soliq to’lovchilarning 0,2 foizi.

Amerikadagi yana bir dolzarb mavzu - qurol nazorati.

Sanders 2005-yilda qurol-aslaha ishlab chiqaradigan kompaniyalarga qonun oldida imtiyozlar berish loyihasini ma’qullab ovoz berganiga tushuntirish berdi va Prezident Barak Obamaning qurolni qo’llash holatlarini cheklashga oid choralarini qo’llab-quvvatladi.

Nyu-Gempshir shtatida yaqinda o’tkazilgan so’rov natijasiga ko’ra, so’ralganlarning 50 foizi Sandersga ovoz berishini aytgan. Klinton tarafdorlari esa 46 fozga teng.