Prezidentlik uchun demokrat nomzodlar safi toraydi

  • Amerika Ovozi

AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden (markazda) prezidentlik uchun nomzodini ko'rsatmasligini ma'lum qildi, 21-oktabr, 2015-yil.

Oq uyga intilayotgan demokratlar soni bu hafta uch kishiga kamaydi. AQSh sobiq senatori Jim Veb va Roud Ayland shtati sobiq gubernatori Linkoln Chefi prezidentlik poygasini tark etdi. Vitse-prezident Jo Bayden nomzodini qo'ymaslikka qaror qildi.

Shu bilan bu partiyadan maydonda uch da'govar qoldi: Sobiq Davlat kotibi Xillari Klinton, Vermont shtatidan senator Berni Sanders va Merilend sobiq gubernatori Martin Omalli.

Respublikachilardan esa 15 nomzod bor.

Vashingtonda o'tkazgan matbuot konferensiyasida Jim Veb ayrim masalalarda demokratlar bilan kelisha olmayotganini aytdi.

"Bu partiyada millionlab mehnatkash amerikaliklar bor. Ammo u yerdagi iyerarxiya men ko'zlayotgan ko'plab maqsadlar yo'lida to'siq", - dedi u.

Partiyalar moliyaviy homiylar xizmatida, xalqning emas, deydi Veb.

"Aksariyat amerikaliklar manfaatlari yo'lida ishlamayotgan bugungi buzuq tizimdan mustaqillik e'lon qilish kerak", - dedi u.

Vitse-prezident Jo Bayden uzoq yillar Delaver shtatidan senator bo'lgan arbob, jurnalistlar bilan bo'lgan uchrashuvlardan birida hatto demokratlardan asosiy nomzod Hillari Klintondan afzalroq nomzod bo'la olishi mumkinligiga shama qilgan edi.

"Biror muammo chiqsa, meni Kapitoliyga jo'natishadi. U yerda vaqtimni behuda o'tkazmayman. Chunki u yerda ko'pchilikni hurmat qilaman. Respublikachilardan ham do'stlarim ko'p", - deydi Bayden.

Yaqinda vitse-prezidentning o'g'li Bo Bayden olamdan o'tdi. Oila hamon motamda. Bayden nomzodini e'lon qilmagan bo'lsa-da, shu paytgacha o'tkazilgan ommaviy so'rovlarga uning nomi ham kiritilgan edi. Reytinglarda demokratlar orasidan Hillari Klinton oldinda ketmoqda. Ikkinchi o'rinda esa Vermont shtatidan Berni Sanders.

Chapdan, sobiq senator Jim Veb, senator Berni Sanders, sobiq davlat kotibi Hillari Klinton, sobiq gubernatorlar Martin Omalli va Linkoln Chefi. Las-Vegas, Nevada shtati, 13-oktabr, 2015