Amerikada fermerlar chetdan ishchi olib kelish kerak deydi

  • Amerika Ovozi
Immigratsiya Amerikada eng murakkab masalalardan biri va har bir saylovda ko’tariladigan mavzudir. AQSh qishloq xo’jaligida asosan mamlakatga noqonuniy kirgan latinolar mehnat qiladi. Vaholanki, vaqtincha kelib ishlashga ruxsat beradigan davlat dasturi mavjud. Lekin mahalliy fermerlarning aytishicha, bu sistema ishdan chiqqan.

Your browser doesn’t support HTML5

Fermerlar osonroq immigratsiya tarafdori/Shohruh Hamro


Shimoliy Karolina tamaki dalalarida bu yili hosil mo’l bo’ldi. Uni terib olish uchun fermer Billi Karter Meksikadan ishchilarni yollagan.

"Mahsulot tayyor, lekin yig’ib olish uchun yollagan odamlarimiz kechikishyapti", - deydi u.

Natijada hosilning bir qismi nest-nobud bo’ldi, daromad pasaydi, deydi Karter. U H-2A nomli davlat dasturi orqali ishchilarni qonuniy ravishda yollagan, zarur hujjatlarni ham ancha erta topshirib qo’ygan edi. Lekin ob-havo hech qanday jadvalga bo’ysunmaydi.

Ana shunday holatlar sabab fermerlarning aksariyati bu programmadan foydalanmaydi, deydi Li Viker, Shimoliy Karolina dehqonlar uyushmasi vakili.

"Ochig’i, H-2A dasturi murakkab", - tan oladi u.

Qog’ozbozlik, qonun-qoidalari bir dunyo ish. Meksikadan bir ishchini Amerikaga olib kelish ming dollarga tushadi. Jarayon qimmat, ham murakkab, deydi Li Viker.

"Boshqa bir yo’l bilan hosilni yig’ib olishning iloji bo’lsa, o’sha yo’ldan borishni maslahat bergan bo’lardim".

Aksar xo’jaliklar aynan shunday qilyapti. Dalalardagi ishchi kuchining atigi 10 foizi davlat dasturi bilan AQShga kelgan.

Yer egalari qonuniy ishchi yollashga jon deydi-yu, lekin dalada ishlayman degan amerikalikni topish qiyin. 2007-yilda matbuot orqali reklama ham berib ko’rdik, deydi Larri Vuten, Shimoliy Karolina Fermerlar byurosi prezidenti.

"Qishloq xo’jaligida ishlayman deganlar bizga qo’ng’iroq qiling, ish topib beramiz, deb reklama berdik. Jami uch kishi qo’ng’iroq qildi", - deydi u.

Sabab, deydi tanqidchilar, qishloq xo’jaligida maoshlar juda past. H-2A viza dasturi esa ham amerikalik, ham xorijiy mehnatkashlar huquqini himoya qiladi.

"Hukumat programmasi bilan kelmagan, noqonuniy ishchilar o’z haq-huquqini talab qila olmaydi. Xo’jayin nima desa shu. Fermerlarga shunisi ma’qul, ko’proq daromad qiladi. Lekin ular qonunni buzayapti", - deydi Erik Ruark, immigratsion islohotlar federatsiyasi vakili.

Dehqon Billi Karter sistema qanchalik mujmal bo’lmasin undan foydalanib keladi. Chunki menga ishonchli, qonuniy ishchilar kerak, mahsulotim xaridorgir, deydi u.

Ammo boshqa fermerlar Kongressdan dasturni soddalashtirishni so’ramoqda.

Hammasi siyosatga borib taqaladi. Immigratsiya AQShda nozik muammo, unga yechim topilganicha yo’q. Yaqin orada hech narsa o’zgarmasa kerak", - fikr bildiradi Karter.

AQSh hukumati hozir byudjet va moliyaviy muammolar bilan band. Immigratsiya islohotiga navbat yetgani yo’q.

Your browser doesn’t support HTML5

Hujjatsiz muhojirlar yuzlashadigan muammolar/Migrant farm workers and their rights