AQSh barcha davlatlardan Eron neftidan voz kechishni so'radi

  • Amerika Ovozi

Erondan neft xarid qilayotgan davlatlar bundan keyin AQSh sanksiyalaridan qutula olmaydi. Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya va Turkiya may oyidan boshlab Tehrondan neft olishni bas qilishi kerak, aks holda sanksiyalar bilan yuzlashadi.

Tramp ma'muriyati Tehronni neft daromadidan butunlay ayirishni, shu orqali islomiy respublikaga bosimni oshirishni maqsad qilgan.

"Twitter" orqali qarorini e'lon qilar ekan, Prezident Tramp Saudiya Arabistoni va neft eksport qiluvchi boshqa davlatlar global talabni qondira olishini aytmoqda. Shunga qaramasdan, e'lon ketidan xalqaro bozorda neft narxi 3,3 foizga oshdi.

Oq uyning bildirishicha, qaror Eronning neft eksportini nolga tushiradi va rejimni asosiy moliya manbaidan ayiradi.

2015-yilda Eron o'z yadroviy dasturini cheklash evaziga yirik davlatlar bilan kelishuvga erishib, ayrim xalqaro sanksiyalardan xalos bo'lgan edi. Ammo AQSh yakka tarzda kelishuvni tark etib, sanksiyalarni tikladi. Trampning talabi shuki, Tehron nafaqat yadro dasturidan, balki ballistik raketa programmasidan ham voz kechishi lozim.

Sanksiyalar natijasida Eronda iqtisodiy o'sish sekinlashgan, milliy valyutasi qadri tushib ketgan, inflyatsiya darajasi to'rt barobar oshgan. Ayni damda respublikaning kunlik neft eksporti 1 million barreldan kam.

Davlatlar AQSh sanksiyalariga yo'liqishni istamaydi, chunki Amerika bilan savdo-sotiq muhim.

"Erondagi noqonuniy rejim neft daromadini Yaqin Sharqni beqarorlashtirish uchun ishlatadi. Ularni bu mablag'dan mahrum qilamiz", - deydi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.

Eron nazarida AQSh tiklagan sanksiyalar noqonuniy. Xitoy ham Vashingtonning yakka tartibda jazo choralarini qo'llashiga qarshi ekanini bildirdi.

Turkiya bayonotiga ko'ra, AQShning so'nggi qarori mintaqaviy tinchlik va barqarorlikka xizmat qilmaydi.