Pompeo Eronga qarshi siyosat haqida gapirdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Kaliforniyaning Simi Vodiysida joylashgan Ronald Reygan prezident kutubxonasida eronlik-amerikaliklar oldida so'zladi, 22-iyul, 2018-yil

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Qo’shma Shtatlar ittifoqchi davlatlarni Eron hukumatiga moliyaviy bosim qo’yishga chaqirmoqda. Pompeo Kaliforniyada yashovchi eronlik-amerikaliklar bilan uchrashdi.

Unga ko’ra, Tramp ma’muriyati Eron hukumati jinoyatlari va zug’umiga jim qarab turmaydi.

Diniy rahbariyat, deydi Pompeo, xalq boyligini terrorizm va boshqa davlatlarda islomiy inqilobni yoyishga sarflamoqda.

“Tehrondagi tuzumning bunday yo’llar bilan daromad topish va pulni taqsimlash salohiyatini cheklaymiz. Eronning bank va energetika sohalariga sanksiyalarni tiklaymiz. Erondan xom neftni sotib olayotgan davlatlardan 4-noyabrga qadar savdoni butunlay to’xtatishni so’raymiz”, - dedi AQSh davlat kotibi.

Unga ko’ra, AQShning Eronga uzatilayotgan televizion va radio dasturlari ko’paytiriladi.

“Eronliklarga internet senzurani aylanib o’tishning yangi usullarini o’rgatamiz. Surunkasiga fors tilida efirga uzatiluvchi yangi kanal ochyapmiz. Unda tele va radio dasturlar uzatib boriladi. Eron va mamlakat tashqarisida yashovchi eronliklar Amerika siyosatidan boxabar bo’lib turadi”, - dedi Pompeo.

AQSh Eron xalqining xorijdagi vatandoshlari kabi yashashini istaydi, dedi u.

Bu o'rtada Donald Tramp “Twitter” orqali Eron Prezidenti Hasan Ruhoniyga murojaat qilib, uni AQShga do’q-po’pisa qilmaslikka chaqirdi.

“Eron Prezidenti Ruhoniy: Qo’shma Shtatlarga aslo tahdid qilmang, aks holda oqibatlari juda yomon bo’ladi. Zo’ravonlik va o’limni targ’ib qiluvchi gaplaringizga jim qarab turmaymiz”, dedi Tramp yakshanba kungi tvitida.

Bungacha Ruhoniy o’z bayonotida Trampga murojaat qilib, arslon dumi bilan o’ynashma, afsuslanasan, deb aytgan edi. Unga ko’ra, Amerika Eron bilan tinchlik dunyoga tinchlik, Eron bilan urush esa falokat keltirishini tushunishi kerak.