AQSh: Isroil qo'shni davlatlar bilan kelishishga majbur

Leon Panetta, AQSh Mudofaa vaziri

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta Vashingtonda o’tgan forumda gapirar ekan, Isroilni achchiq bir haqiqatni tan olishga chaqirdi: Qo’shni davlatlar bilan kelisha olmasangiz, barqaror va farovon yashay olmaysiz.

Yahudiy davlat, deydi Panetta, ishni paysalga solmay, Falastin rahbarlari bilan yuzma-yuz o’tirib, muzokara va murosa qilishga majbur.

Amerika nazarida Isroil va Falastin vaqtni boy bermay muzokaraga qaytishi lozim

Isroil Turkiya, Misr va Iordagiya singari u bilan uzoq yillar davomida hamkorlik qilib kelgan davlatlar bilan so’nggi paytda bag’oyat sovuqlashgan aloqalarini yaxshilashi kerak.

“Arab dunyosi o’zgarib bormoqda. Inqiloblar natijasida yangilangan rahbarlar bilan til topishishga harakat qiling”, - deydi AQSh Mudofaa vaziri Isroilga qarata.

Amerika, deydi u, yahudiy davlatini quvvatlashda davom etadi, lekin o’z tinchligini ta’minlash, yonidagi davlatlar bilan ahillikda yashash – faqat Isroil bo’ynida.

Isroil Falastin yerlarida yahudiylar uchun uy-joy qurishda davom etmoqda

Eron atom dasturiga nisbatan xavotir oshib borar ekan, Amerika bu davlatga qarshi urush ochishi mumkin degan gaplar g’irt safsata, deydi Leon Panetta.

Obama ma’muriyati diplomatiyaga ishonadi va xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda ish yuritadi, deydi u.

Isroil Eronni asosiy dushmani deb biladi va AQShni keskinroq chora ko’rishga undab keladi. Vashington yahudiy davlat xavfsirayotganini tushunadi, ammo uzoqni o’ylab ish ko’radi, deydi Obama ma’muriyati rasmiylari.