Markaziy Osiyo: Rossiyada ta'sir kuchi bor, Xitoyda ulkan sarmoya, AQShda-chi?

Jons Xopkins universitetida munozara, 8-sentabr, 2014

O’zini AQShning Markaziy Osiyodagi eng yaqin hamkori deb atovchi Qozog’iston shu kunlarda amerikalik ekspertlar bilan hamkorlikda yangi bir hujjatni targ’ib qilmoqda. “Qozog’iston va Qo’shma Shtatlar kelajak sari” deb nomlangan tahlilnoma Vashington va Ostonaga strategik rishtalarni mustahkamlash uchun qator tavsiyalar beradi.

Qozog’iston hukumati homiyligidagi hujjat mualliflari - Jons Xopkins universitetidan professorlar Fred Starr va Svante Kornell, tadqiqotchi-konsultant Enders Uimbush, Al-Farobiy qozoq milliy universitetidan Fotima Kukeyeva, Jahon iqtisodiyoti va siyosati institutidan Askar Nursha va Strategik tadqiqotlar institutidan Bulat Sultonov.

Your browser doesn’t support HTML5

Markaziy Osiyo: AQSh & Qozog'iston, yangi tahlilmoma - Navbahor Imamova

Your browser doesn’t support HTML5

US-Kazakhstan, discussion at Johns Hopkins University - SAIS

Professor Starr izohicha, Qozog’iston mustaqillikning ilk yillaridanoq muvozanatli tashqi siyosat olib borishga intildi. Qo’shni davlatlar ham undan namuna olib, g’arbu sharq bilan teng aloqada turishga harakat qildi. Ba’zida buni epladi, ba’zida qoqildi, deydi ekspert. Hozirda Qozog’iston Rossiya boshchiligidagi Yevrosiyo boj ittifoqiga kirgan. Nazarboyev so’zi bilan aytganda, bu qaror oddiy xohish emas, zamon talabidir. Bunday katta qadamlar tashlangan paytda Ostona Vashington bilan ham aloqani yanada kuchaytirish niyatida, deya bildiradi Starr.

Askar Nursha Amerikani Qozog’iston uchun o’ta muhim hamkor deb hisoblaydi. AQSh mintaqani integratsiyaga undar ekan, Ostona bilan bu borada yaqindan ishlashi kerak, deydi u. Hukumatlar hozir Afg’onistondagi jarayonlarni, qaltis vaziyatni ko’rib asabiylashmoqda va umuman olganda, Amerika bu mamlakatdan harbiylarini olib chiqib ketishini istamaydi, deydi olim.

Shuningdek, deya qayd etadi Nursha, hech bir tomon geopolitik reallikni inkor etolmaydi. Ukraina-Rossiya mojarosi bunga yaqqol misol, Markaziy Osiyo davlatlariga ishonchli hamkorlar kerak. Amerika faolroq siyosat olib borishi lozim, deydi u.

O’z konsultantlik firmasini yuritadigan Enders Uimbush esa AQShni Qozog’iston bilan xavfsizlik, iqtisod va ta’lim bilan bog’liq sohalarda ko’proq harakat qilishga undamoqda. NATO va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida doimiy treninglarni yo’lga qo’yish kerak, tinchlikparvar kuchlarni tayyorlash kerak, deydi u, toki mintaqada biror noxush vaziyat vujudga kelsa, bu zobitlar yordamga borsin. Qirg’iziston janubida 2010-yilda yuz bergan xunrezliklar paytida bunday kuchga talab ayniqsa qattiq sezildi, deya tahlil qiladi u.

Uimbushning kuzatishicha, mintaqa bo’ylab Amerikaga ishonch juda past, odamlar AQSh bu yerda o’zining qisqa muddatli maqsadlari ketidangina yuribdi, mintaqa xalqlari boshdan kechirayotgan qiyinchiliklar uni qiziqtirmaydi, deb o’ylaydi.

Haqiqat shuki, AQShning biror rahbari shu kungacha Markaziy Osiyoga tashrif buyurmagan. Vitse-prezidentlardan ikkitasi, xususan respublikachi Dik Cheyni 2006-yilda va demokrat Al Gor 1993-yilda Qozog’istonga borgan xolos.

Akademik Fotima Kukeyeva o’zaro muloqotni kengaytirish kerak deydi. Serqirra dialogni yo’lga qo’yish lozim. Biroq, deya eslatamiz unga, bunday muloqot allaqachon boshlangan. 2009-yildan beri yillik maslahat kengashlari o’tkaziladi, dialog elchilarning og’zidan tushmaydi, har bir yig’in dialog deya ko’riladi. Kukeyeva deydiki, muloqot hozir faqat hukumatlar orasida. Madaniy va ta’limiy, fuqaro jamiyati, sog’liqni saqlash va boshqa jabhalarda ham shunday dialog olib borish kerak. Hukumatlar shunga yo’l ochib berishi lozim. Qozog’istonga ham, Amerikaga ham yangi liderlar kerak. Muvozanatli siyosat olib borishda Rossiya, AQSh va Xitoy singari katta kuchlarni birdek tushunadigan, nafaqat tilini biladigan balki murakkab masalalarni chuqur tahlil qila oladigan o’tkir mutaxassislar kerak, deydi olima.

Askar Nursha ham bu fikrni quvvatlaydi va bir savolni o’rtaga tashlaydi: Rossiya ma’lumki mintaqada katta ta’sir kuchiga ega, Xitoy esa ulkan sarmoyaga, AQShda nima bor? Amerika rasmiylarining bunday savollarga odatiy javobi shuki, Vashington mintaqada hech kim bilan raqobatda emas. Rossiya va Xitoy ikki tabiiy, yirik qo’shni va AQSh ular bilan bellashishni istamaydi. Inson huquqlari faollari esa Amerika o’z demokratik qadriyatlari va erkinlik urug’ini yoyishi va shu tariqa o’ziga xos rol o’ynashi lozim deb hisoblaydi. AQSh hukumati yillar davomida shu yo’ldan borayotganini eslatadi. Professor Starr nazarida AQSh bilan yaqin do’st bo’lish boshqa bir tomonning dushmani bo’lish degani emas. Bunday qarashdan voz kechib, davlatlar o’z manfaatlari yo’lida qaror qilaverishi kerak. Uimbush esa Vashingtonning hozirgi siyosati “sizdan ugina, bizdan bugina” qabilida bo’lib, mavjud strategiya mustahkam emas deb hisoblaydi. Diplomatlar bu tahlilni inkor etadi. Strategiya mustahkam, AQSh mintaqaga befarq emas, hamkorlik ham har bir davlat bilan o’zaro xohishga asoslangan holda olib borilmoqda, deydi ular.

Amerika yil oxiriga borib, to’rt davlatda elchilarini yangilaydi: Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkmaniston va O’zbekiston.