Amerika jahon ahlidan qochqinlarni unutmaslikni so'rayapti

  • Amerika Ovozi

Serbiyaga yetib borgan qochqinlar. 19-yanvar, 2016-yil.

Amerika jahonning yirik davlatlari va korporatsiyalardan qochqinlarga yordamni oshirishni so'radi.

Shveytsariyaning Davos shahrida Jahon iqtisodiy forumida so'zlagan Davlat kotibi Jon Kerriga ko'ra, gumanitar yordamni 30 foizga oshirish zarur.

Bosh diplomat o'tgan yili O'rta dengizdan kechayotib, Gretsiya sohillari bo'yida suvga g'arq bo'lgan suriyalik go'dakni tilga oldi.

"Terroristlarning dahshatli qilmishlari, mazhablararo adovat, nafrat, bulardan bezib qochgan millionlab begunoh insonlar taqdiri haqida matbuotda qanchadan-qancha fojealarni o'qidik", - dedi Kerri.

Jahon iqtisodiy anjumani qatnashchilariga murojaat qilar ekan, u nihoyat qo'nim topgan qochoqlar sonini ikki karra oshirish yo'lida birlashaylik, dedi. Ularni ish bilan, boshpana va o'qish imkoni bilan ta'minlaylik, dedi.

Bunga xususiy sektor, fuqarolik jamiyatlari va diniy jamoalarni ham jalb qilish zarur, deya eslatadi diplomat.

Prezident Barak Obama kuzda, BMT Bosh Assambleyasida bu mavzuni alohida ko'tarishi, qochqinlar mavzusiga doir global sammitga mezbonlik qilishi kutilmoqda.

Jahon iqtisodiy forumida muhokama qilingan mavzular odatda yil bo'yi kun tartibidan tushmaydi.