AQShning janubiy chegarasidagi vaziyatga kim aybdor?

  • Amerika Ovozi

So’nggi oylarda AQShning janubiy chegarasini kesib o’tgan 18 ming xorijiy bola Amerikada ushlanib turibdi. Bu masala Bayden ma’muriyati uchun boshog’riq ekan, prezidentning reytingiga ta’sir qilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 29-mart, 2021-yil

So’nggi ommaviy so’rov natijasidan ma’lum bo’lishicha, so’ralganlarning 57 foizi hukumatning chegaradagi vaziyatga munosabatidan norozi.

Oq uy ma’muriyati migrantlarga AQShga kelmaslikni tayinlasa-da, tanqidchilar nazarida, uning siyosati minglab odamlarni xavfli safarga chiqishga undayapti.

Masalan, Bayden sobiq prezident Donald Tramp buyrug’iga ko’ra Meksika bilan chegarada ko’tarilayotgan devor qurilishini to’xtatib qo’ydi. Jo Bayden prezidentlikka kelishi bilan migrantlar oqimi kuchaydi.

Ayrim qonunchilar vaziyatni o’rganish uchun chegarada bo’lib qaytdi.

“Ko’rganlarimdan shokka tushdim. Prezident ham, vitse-prezident ham chegaraga borib, men va respublikachi safdoshlarim yoki demokrat kongressmenlar ko’rgan narsalarni o’z ko’zi bilan ko’rishi kerak. Ayrim muammolarni hoziroq hal qilsa bo’ladi. Chegara ochiq. Ham gumanitar, ham sog’liqni saqlash bilan bog’liq bu inqirozga barham berishimiz kerak”, - deydi respublikachi senator Den Sullivan.

Bayden ma’muriyatining bidirishicha, chegara ochiq emas, kelayotgan migrantlar ortga qaytarilmoqda. Migrantlar oqimining kuchayishi davriy bo’lib, uni ko’p qirrali yondashuv orqali hal qilsa bo’ladi, deydi Oq uy rasmiylari.

“Hozirgi vaziyat u yoki bu ma’muriyat siyosatining mahsuli emas. Bunga mintaqadagi tabiiy ofatlar, qashshoqlik, zo’ravonlik sabab bo’lmoqda”, - deydi Oq uyda aloqa bo’yicha direktor Keyt Bedingfild.

Vitse-prezident Kamala Harris chegaraga ota-onalarisiz kelib qolgan migrant o’smirlar bilan shug’ullanmoqda. Bu siyosiy boshpana olishga berilgan ariza javobini AQShda kutish imtiyozini olgan yagona toifadir.

Bolalarni joylash uchun 9 ta favqulodda boshpana tashkil etilgan. Keyinchalik ular muqimroq joyga ko’chiriladi. Muhojir bolalarning 80 foizidan ko’pi AQShda oila a’zosiga ega, 40 foizidan ziyodining oila a’zosi ota yoki onasi.

Bayden ma’muriyatiga ko’ra, migrantlar oqimini to’xtatish uchun Gonduras, Gvatemala, Salvador kabi mamlakatlar bilan gaplashib, buning oldini olish zarur.