AQSh mudofaa tizimining bir qismidan voz kechdi

  • Amerika Ovozi
Qo’shma Shtatlar Alayskada ballistik raketaga qarshi mudofaa tizimini o’rnatish rejasini e’lon qildi. Ayni vaqtda Yevropadagi ittifoqchilarni himoya qilishga qaratilgan tizimning bir qismi bekor qilindi.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh mudofaa tizimining bir qismidan voz kechdi/Shohruh Hamro


AQSh g’arbiy sohilini Shimoliy Koreyaning ehtimoliy hujumidan himoya qiluvchi 14 ta yangi interseptor, ya’ni raketani urib tushiradigan moslamalar Alyaska shtatida o’rnatiladi. Yaponiyada esa radar joylashtirish ko’zda tutilgan.

Yevropaga kelsak, 2009-yildan buyon AQSh hukumati to’rt bosqichli dasturni amalga oshirib keladi. Jorj Bush prezidentligi davrida ishlab chiqilgan va Barak Obama tomonidan o’zgartirilgan mazkur programma raketalarni urib tushiruvchi moslamalarni ham dengizda, ham quruqlikda o’rnatishdan iborat. Biroq to’rtinchi bosqich bekor qilindi.

Yadroviy qurollar siyosati bo’yicha mutaxassis Jo Sirinsione Rossiyaning e’tirozlari bunga sabab bo’lganini aytadi. “To’rtinchi bosqichning kuchli, tezkor va katta masofani ko’zlaydigan sistemalari Rossiyaning uzoq masofali raketalariga qarshi ishlatilishi mumkinligi ularni chuqur xavotirga soldi”, - deydi u.

AQShning Yevropa uchun mo’ljallangan aksil-ballistik tizimlari azaldan Vashington va Moskva o’rtasidagi ziddiyatli mavzu. Ogayo Vesleyan universitetida qurol nazorati bo’yicha ekspert Shon Key deydiki, Kreml ularni o’ziga tahdid deb biladi va G’arbga ishonmaydi.

“Sovuq urush yakun topganidan buyon an’anaviy qurollar masalasida Rossiya potensiali ancha zaiflashgan. Shu sababli Moskva yadroviy salohiyatiga tayanadi”, - deydi Key.

Oq uy bayonotiga ko’ra, Yevropa mudofaa loyihasining to’rtinchi bosqichi bekor qilingani byudjet muammolari bilan bog’liq. Shon Key o’zgacha fikrda.

“Haqiqiy sababi uni amalga oshirish uchun zarur texnologiyaning yo’qligida. Bush davrida bunday texnologiya bo’lmagan, hozir ham yo’q. Hammasi qog’ozda. Rejani bekor qilib, AQSh hech narsani boy bermayapti”, - deydi ekspert.

Yadroviy qurollar siyosati bo’yicha mutaxassis Jo Sirinsione ham Vashingtondagi rasmiylar bilan muloqotidan xulosa qiladiki, gap diplomatiya yoki Rossiyaga yon berishda emas, balki dasturning o’zida.
“Raketalar hujumini qaytaruvchi sistema qogo’zdagi bir g’oya xolos. Uni amalga oshirish masalasi muhokama qilinganida, kamchiliklari va uni qurish oson bo’lmasligi aniqlangan”, - deydi u.

Tanqidchilar Oq uyning so’nggi qarorini Rossiya bilan aloqalardagi zaiflik alomati deb biladi. Boshqalar nazarida esa prezident Obama qurol nazorati bo’yicha Rossiya bilan yangi muzokaralarga zamin hozirlayapti.

Xo’sh, AQShning yangi rejasiga Moskva munosabati qanday? Kreml mulozimlari mudofaa masalasida bizning pozitsiyamiz o’zgarmagan va bundan keyin ham o’zgarmaydi, deya javob beradi.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSH MUDOFAA SANOATIDA/SEQUESTRATION DEFENSE



Your browser doesn’t support HTML5

AQSh aviasanoatida/US Budget - Air Travel