Nyu-Yorkda ikki politsiyachi otib o'ldirildi

  • Amerika Ovozi

Nyu-Yorkning Bruklin dahasida qurollangan kishi avtomobilda o’tirgan ikki politsiya zobitiga qarata o’q uzgan va ikkovini ham o’ldirgan. So’ngra o’z joniga qasd qilgan.

Halok bo’lgan politsiyachilar - Venjan Liu va Rafael Ramos. Politsiya komissari Uilyam Bratton qotil 28 yoshli Ismoil Brinsli ekanini ma’lum qildi. Bruklindagi qotillikdan oldin, shanba erta tongda u Merilend shtatining Baltimor shahrida bir ayolni yaralagan.

Nyu-York shahri meri Bill de Blazio va politsiya komissari Uilyam Bratton jamoatchilikka murojaat qilib, "agar ijtimoiy tarmoqlarda politsiyaga qarshi gaplar yozilganini ko’rsangiz, bizga bildiring", deya so’ramoqda.

De Blazio va AQSh Adliya vaziri Erik Xolder qotillikni vahshiyona jinoyat deb qoraladi.

Bruklinda politsiya zobitlarining o’ldirilishi so’nggi uch yilda ro’y bergan birinchi bunday qotillik. So'nggi oylarda oq tanli politsiya zobitlari qoralarni otib o’ldirgani va sud ularni jazoga tortmaslikka qaror qilgani omma orasida norozilik kayfiyatini kuchaytirgan. Turli shaharlarda namoyishlar hamon davom etmoqda.

Shanba kuni norozilik chiqishlari sabab Minnesota shtatida katta savdo markazining bir qismini yopib qo’yildi.

Bruklinlik Mayk Ayzek voqeani izohlar ekan, qotillik sodir etilgan mahallada asosan qora tanlilar istiqomat qilishini aytadi. Erik Garner ismli afro-amerikalik politsiyachi tomonidan bo’g’ib o’ldirilganidan buyon vaziyat notinch, deydi u.

Erik Garner va Missuri shtatida oq tanli politsiyachi tomonidan otib o’ldirilgan o’smir Maykl Braun oilalariga yordam berib kelayotgan nyu-yorklik huquq himoyachisi Al Sharpton politsiyaga hujumlarni qoraladi.

“Erik Garner va Maykl Braun xotirasini politsiyaga nisbatan zo’ravonlik yoki qotilllikda qo’llash adolatga qarshi ishdir”, - deydi u.