Xalqaro tashkilot: Obama ma'muriyati so'z erkinligini cheklamoqda

  • Amerika Ovozi

Oq uy matbuot kotibi Jey Karni jurnalistlar savollariga javob bermoqda

Obama ma’muriyati o'z maxfiy ishlari yuzasidan ma’lumotni keskin nazorat ostiga olib, bu axborotni tarqatgan yoki tarqatishga uringan shaxslarni jazolashga bel bog'lagani - demokratiya va matbuot erkinligiga tahdid, deya bildiradi Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi (Committee to Protect Journalists).

10-oktabr kuni e’lon qilingan hisobotda Nyu-Yorkda asoslangan tashkilot AQSh siyosatini oshkoralik tamoyillariga zid deya tanqid qiladi.

Hisobot muallifi, “The Washington Post” gazetasi sobiq bosh muharriri Leonard Dauni bo'lib, uning yozishicha, ma’lumot oshkor etilmasligi uchun ko'rilayotgan "xavfsizlik choralari" oqibatida rasmiylar va davlat xizmatchilari jurnalistlar bilan muloqot qilishdan cho’chib qolgan.

Olti xodim va hukumat pudratchisi bo'lgan yana ikki kishi matbuotga ma’lumot uzatgani uchun Josuslik haqidagi qonunga ko’ra, ta’qibga uchradi, deydi Dauni. So’nggi 90 yil ichida bu qonun uch marta qo’llanilgan xolos.

Oq uy rasmiylari hisobotga munosabat bildirar ekan, yuqoridagi tanqidni inkor etmoqda.

“Rasmiylar jurnalistlarga ma’lumot berishdan qo’rqayapti degan gaplar asossiz”, - deydi Obama matbuot kotibi Jey Karni.

Dauni qator jurnalist va muharrirlar, shu jumladan “Associated Press” axborot agentligi rahbari bilan suhbatlashgan.

Joriy yil ushbu agentlikning 100 dan ziyod jurnalistiga tegishli telefon audio yozuvlari davlat tomonidan musodara qilingan. Dauni, shuningdek, jinoyatda ayblanib, qamalgan muxbirlar bilan gaplashgan.

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi nazarida hukumat tutgan siyosat sabab ko’plab muammolar, jumladan davlat xavfsizligiga oid masalalar yoritilmayapti. Jamiyat zarur informatsiyani hech qanday to'ziqlarsiz olishga haqli, deyiladi hisobotda.

Odatda tashkilot avtoritar tuzumlarda so’z erkinligi masalasini o’rganadi. Masalan, Birma, Xitoy, Misr, Eron, Pokiston, O'zbekiston va Tanzaniya singari erkinlik cheklangan jamiyatlardagi ahvolga e'tibor qaratadi.

Qo’mita rahbari Joel Saymonning tushuntirishicha, jurnalistlarning Obama ma’muriyati bilan munosabatlari shu qadar yomonlashganki, ular o’z ishini to'kis ado etmayapti. Bundan esa hamma birdek zarar ko'radi, deydi u. Axborot vositalari Amerikada hamisha erkin faoliyat yuritgan va shunday bo'lib qolishi shart, deydi u.