2016-yilga borib AQSh dunyoning eng katta neft ishlab chiqaruvchisiga aylanadi

  • Amerika Ovozi
Xalqaro energiya agentligining xabar berishicha, 2016-yilga borib AQSh dunyoning eng katta neft ishlab chiqaruvchi davlatiga aylanadi. Bu borada u Saudiya Arabistoni va Rossiyani ham ortda qoldiradi. Keyingi 20 yilda esa mamlakat to’la neft mustaqilligiga erishishi kutilmoqda.

O’tgan 10 yil ichida AQSh va Kanada neft slaneslari qazib olishni, Kanada esa suv ostidan neft qazishni kuchaytirdi. Natijada Amerikaning Yaqin Sharq mamlakatlari yetakchilik qiladigan OPEK neft tashkilotiga qaramligi kamaygan.

Ammo Parijda joylashgan tadqiqot guruhining aytishicha, 2020-yillarning o’rtasiga borib AQSh eng katta neft ishlab chiqaruvchi maqomini yana boy beradi. Chunki bu paytga kelib Shimoliy Dakota va Texasdagi neft zaxiralarining kamayishi kutilyapti.

“Dunyo energiyasiga nazar” nomli xalqaro yig’inda keltirilgan ma’lumotlarga ko’ra, 2035-yilga borib AQSh energiyaga bo’lgan barcha talabini mahalliy ta’minotchilar hisobiga qondiradi. Ayni paytda 2030-yilga borib dunyoning eng katta neft iste’molchisi sifatida Xitoy AQShdan o’zib ketadi.

Xalqaro energiya agentligining ogohlantirishicha, neft narxining yuqoriligi energiya xavfsizligiga asosiy tahdid bo’lib qolmoqda. 2011-yildan beri bir barrel neft narxi o’rtacha 110 dollarni ni tashkil etgan bo’lsa, 2035-yilga borib u 128 dollargacha ko’tarilishi kutilmoqda.

Neft narxi dunyo bo'ylab qariyb bir xil bo'lsa-da, gazning xalqaro bozordagi bahosi turli darajada. AQSh o'zida ishlab chiqarilgan gaz hisobiga neftni arzon sotib olish imkoniyatiga ega bo'lsa, yevropaliklar, asosan, import sifatida keladigan gaz uchun qimmatroq haq to'lashga majbur.