Seshanba kuni Oregon va Kentuki shtatlarida saylovlar

  • Amerika Ovozi

Berni Sanders o'tgan hafta G'arbiy Virjiniyada, Kentukiga qo'shni shtatdagi saylovda qo'li baland kelgan edi.

Vermont shtatidan senator Berni Sanders va sobiq Davlat kotibasi Xillari Klinton 17-may kuni Oregon va Kentuki shtatlarida ichki partiyaviy saylovda bellashadi.

Mamlakatning qarama-qarshi qismlarida joylashgan ikki shtatda deyarli teng delegatlar soni uchun kurash ketadi. Oregonda 74, Kentukida 61.

Sandersning o'tgan hafta G'arbiy Virjiniyada, Kentukiga qo'shni shtatdagi saylovda qo'li baland kelgan edi. Bu shtatlarda ko'mir sanoati muhim rol o'ynaydi. Klinton konchilikka asoslangan iqtisoddan chetlashish, boshqa sanoatlarni rivojlantirish tarafdori. Lekin konchilar Klinton ularni ishsiz qoldirishidan xavotirda.

Demokratik partiyadan yagona nomzodlikni qo'lga kiritish uchun 2383 delegat jamg'arish lozim. Sandersda 1433, Klinton ixtiyorida hozir 1716 delegat bor.

Delegatlardan tashqari super delegatlar ham bor. Xohlagan nomzodni yoqlashi mumkin bo'lgan partiya vakillari. Hozirgacha 500 dan ko'pi Klintonning tarafini olgan, 40 nafari Sanders tomonida. Bu degani Klintonga hozir 150 delegat kerak xolos va u demokratlardan nomzodlikni ilib ketishi hech gapmas.

Aytish kerak, superdelegatlar birdan fikrini o'zgartirish va boshqa nomzodni yoqlashga haqli.

Sanders oxirigacha kurashish qarorida qat'iy. So'nggi partiyaviy bellashuv 7-iyun kuni Kaliforniya va Nyu-Jersi shtatlarida o'tadi. O'zini demokrat sotsialist deya ta'riflayotgan senatorning ayniqsa yoshlar orasida obro'si baland va shu paytgacha 19 shtatdagi poygada qo'li baland keldi.

Qo'shma Shtatlarda prezident saylovlari noyabrda o'tadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Saylov-2016: Demokrat nomzodlar debat arafasida

Your browser doesn’t support HTML5

Saylov-2016: Ovoz berish huquqiga intilayotgan muhojirlar