Demokratlar Adliya vaziri Jeff Seshnsni ishdan ketishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Vazir bo'lib tasdiqlanish oldidan Senatdagi tinglovda Rossiya va Trampning saylov kampaniyasi o'rtasidagi munosabatlar haqida so'ralganda Seshns rossiyaliklar bilan aloqada bo'lmaganini aytgan edi.

Kongressdagi demokratlar AQSh Adliya vaziri Jeff Seshnsni ishdan ketishga chaqirayapti. U prezident saylovlari oldidan targ'ibot kampaniyasi davrida Rossiyaning AQShdagi elchisi bilan ikki bor ko'rishgan.

O'sha damda Seshns Senat qurolli kuchlar qo'mitasi a'zosi edi. Biroq vazir bo'lib tasdiqlanish oldidan Senatdagi tinglovda Rossiya va Trampning saylov kampaniyasi o'rtasidagi munosabatlar haqida so'ralganda Seshns rossiyaliklar bilan aloqada bo'lmaganini aytgan edi.

Jeff Seshns Prezident Donald Trampni saylov kampaniyasi paytida qo'llab-quvvatlagan. Senatda ishlab yurganida Trampga maslahatlar berib turgan.

Yanvar oyida Adliya vaziri lavozimiga ko'rsatilganida Seshns senatorlar tomonidan savol-javob qilindi.

"Saylov paytida ruslar bilan gaplashgan emasman", - deya ta'kidladi u.

Seshns Rossiya elchisi Sergey Kislyak bilan iyul oyida, Respublikachilar qurultoyi doirasida, keyinroq sentabrda Oq uydagi ofisida uchrashgan.

Adliya vaziri oxirgi bayonotida "rus rasmiylari bilan saylov kampaniyasini muhokama qilgan emasman", dedi.

Ayrim senatorlar Seshns Rossiyaning AQShdagi saylovlarga aralashgani yuzasidan tergovda qatnashmasligi kerak, demoqda. Ba'zi qonunchilar, jumladan, demokratlar sardori Nensi Pelosi va demokrat senator Elizabet Vorren vazir butunlay ishdan ketishi kerak, deb hisoblaydi.

Adliya vazirligi hamda Federal qidiruv byurosi Rossiyaning noyabrdagi saylovlarni izdan chiqarishga uringani haqidagi da'volarni tergov qilmoqda. Bundan tashqari, Tramp kampaniyasi va Rossiya rahbariyati orasidagi har qanday ehtimoliy muloqot tekshiruv ostida.

Senat razvedka idorasi o'zining alohida tergovini boshlab yuborgan.