AQSh Shri-Lankada islohot dasturini qo'llab-quvvatlamoqda

  • Amerika Ovozi

Shri-Lanka Tashqi ishlar vaziri Mangala Samaravira (chapda) AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini Nisha Bisval bilan qo'l berib so'rashmoqda. Kolombo, 2-fevral, 2015-yil

AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini Nisha Bisval bugun Shri-Lankada Tashqi ishlar vaziri Mangala Samaravira bilan uchrashib, Qo'shma Shtatlar bu mamlakatdagi siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan rejani qo'llab-quvvatlashini bildirdi.

Shri-Lankada yangi hukumat o'tgan oyda o'tkazilgan saylovlardan so'ng tuzilgan.

“Ikki mamlakat o'rtasidagi aloqalarni yangi pog'onaga ko'tarmoqchimiz", - dedi vazir Samaravira.

Bisvalning aytishicha, AQSh Shri-Lankani hamkor va do'st deb biladi.

“Iqtisodiyotni qayta qurish, korrupsiyaning oldini olish, davlat boshqaruvini yaxshilash, inson huquqlarini hamda Shri-Lanka fuqarolarining demokratik jarayonlardagi ishtirokini ta'minlashda Qo'shma Shtatlar bu mamlakatga yordam berishga tayyor", - dedi Bisval.

Shri-Lanka Prezidenti Maitxripala Sirisena 100 kunlik demokratik islohotlar dasturini e'lon qildi. U prezident vakolatlarini cheklab, matbuot va fuqaroviy jamiyat faoliyatiga qo'yilgan cheklovlarni bekor qildi.

Sobiq Prezident Maxinda Rajapaksa 2009-yilda "Tamil yo'lbarslari" guruni isyonchilariga qarshi harbiy kampaniya paytida inson huquqlari buzilganiga doir da'volar bo'yicha xalqaro tergov o'tkazish chaqiriqlariga qarshi chiqqanidan so'ng ikki mamlakat munosabatlari sovuqlashib, Shri-Lanka Xitoy bilan yaqin bo'lishga qaror qilgan edi.