Nyu-Yorkda yana bir o'zbekistonlik terrorizm gumoni bilan hibsda

  • Amerika Ovozi

Nyu-York shahrida "Islomiy davlat" guruhiga aloqadorlik gumoni bilan yana bir o'zbekistonlik yigit qo'lga olingan. U shu yilning fevral oyida hibsga olingan ikki o'zbekistonlik va bir qozog'istonlikka moddiy yordam berganlikda ayblanmoqda.

6-aprel kuni e'lon qilingan ayblovga ko'ra, 26 yoshli Dilhayot Qosimov o'zbekistonlik Abror Habibov bilan til biriktirib, qozog'istonlik Ahror Saidaxmetovning Suriyaga borib jangarilarga qo'shilishi uchun 1600 dollar yordam bergan. Saidaxmetov Turkiyaga jo'nab ketayotgan payt Nyu-Yorkdagi xalqaro aeroportda hibsga olingan.

Prokurorlarning aytishicha, Qosimov o'zining internet orqali yozishmalarida boshqalarni ham "zo'ravon jihod"ga qo'shilishga undagan. Agar aybdor deb topilsa, 30 yilgacha qamoq jazosiga hukm etilishi mumkin. Uning ishi bo'yicha birinchi sud tinglovi 7-aprel kuni bo'lishi kutilyapti.

Hibsdagi ayblanuvchilardan biri Abdurasul Jo'raboyev o'tgan yili o'zbek tilidagi saytlardan biriga "Islomiy davlat"ni yoqlovchi xabarlar yozib qoldirgach, federal huquq-tartibot organlari uning ortiga tushgan va shu yilning fevral oyida uni va yana ikki sherigini qamoqqa olgan edi. Jo'raboyev Saidaxmetov bilan birga Suriyaga safar qilishni rejalaganlikda ham ayblangan.

Jo'raboyev, Habibov va Saidaxmetov o'zlarining aybsiz ekanini aytmoqda. Ularning barchasi Nyu-York shahrining Bruklin tumanida yashagan.