Terrorda ayblangan shaxs sud oldidan vafot etdi

  • Amerika Ovozi

1998-yilda AQShning Afrikadagi elchixonalariga qarshi xurujlarni rejalanganlikda ayblangan shaxs - Abu Anas al-Libiy og’ir xastalikdan ko’z yumgan. U yaqin kunlarda Nyu-Yorkda sud oldida javob berishi kutilgan edi.

Al-Libiyni 2013-yilda AQSh maxsus kuchlari Liviyada ushlagan. Advokatining aytishicha, u gepatit va jigar saratoni bilan olishayotgan edi.

AQShning Keniya va Tanzaniyadagi elchixonalariga qilingan hujumda 250 dan ziyod odam o’lgan. Al-Libiy xurujni rejalashda al-Qoidaga yordam bergan, terror guruhini axborot bilan ta’minlab turgan, deydi tergovchilar.

Al-Libiy aybdor ekanini hech qachon tan olmagan. Uning qatorida Saudiya Arabistoni fuqarosi Xolid al-Favvoz ham 12-yanvar kuni sudga tortilishi belgilangan edi.