Qo'shma Shtatlar YUNESKO a'zoligini tark etadi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh kelasi yildan UNESCOdan chiqadi

Qo'shma Shtatlar BMTning fan, ta'lim va madaniy loyihalar bilan shug'ullanuvchi agentligi - YUNESKOni (UNESCO) Isroilga qarshi kayfiyatda ayblab, a'zolikdan chiqishga qaror qildi.

"Qarorimiz YUNESKOga qarzlarimiz oshib borayotgani, tashkilot chuqur islohotga muhtoj ekani va Isroilga nisbatan noxolis ekani bilan bog'liq. Ammo kuzatuvchi maqomida agentlik bilan hamkorlikni davom ettiramiz", - deydi Davlat departamenti so'zlovchisi Xezer Nauert.

AQSh 2017-yilning 31-dekabridan boshlab a'zolikdan chiqadi. YUNESKO Vashington qaroridan chuqur afsusda.

2011-yilda YUNESKO Falastinni to'laqonli a'zo sifatida qabul qilganida AQSh tashkilotga moliyani kesgan va o'shandan buyon yillik badalini to'lamay keladi. Qarz 500 million dollardan oshgan. Vashington nazarida Falastin avval Isroil bilan tinchlikka erishishi kerak edi.

Yil boshida esa Falasinning ko'hna Hevron shahri jahon merosi ro'yxatiga kiritilgani Isroilda kuchli norozilik uyg'otdi. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu fikricha, YUNESKO bu bilan shaharning bir necha asrlik yahudiy tarixiga ko'z yumdi.

Qarorgohi Parijda joylashgan YUNESKOga AQSh har yili 80 million dollar ajratardi, ya'ni byudjetining 20 foizi. Prezident Donald Tramp xalqaro tashkilotlarga moliyani va ular bilan hamkorlikni cheklash yo'lidan ketmoqda. Amerika BMT byudjetining 22 foizini qoplaydi.

O'rtada kelishmovchilik ilgari ham bo'lgan. 1974-yilda YUNESKO Isroilni tanqid qilgani uchun AQSh yordamni kesgan. 1984-yilda Prezident Ronald Reygan davrida AQSh YUNESKO ga a'zoligini bekor qilganiga moliyaviy masalalar va Isroil sababchi bo'lgan. 2002-yilda Amerika tashkilotga qayta qo'shilgan edi.