Robert Bleyk: AQSh 2014-yildan keyin Markaziy Osiyoni unutib qo'ymaydi

AQSh Davlat kotibining Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Robert Bleyk

Vashington Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta'minlash uchun barcha imkoniyatlardan foydalanadi. Kuni kecha Toshkentda O'zbekiston rahbari Islom Karimov bilan uchrashgan Robert Bleyk, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini, shunday deydi. Xalqaro koalitsiya Afg'onistondan chiqqach ham siyosat susaymaydi, deydi u.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh-O'zbekiston aloqalari, Malik Mansur


Bleyk bu borada Qozog'iston rasmiylari bilan muzokaralarda ham muhokama qilgan.

Ertaga Almatida "Osiyo yuragi" nomli xalqaro anjuman ochiladi. Undagi asosiy mavzu - Afg'oniston va unga mintaqaviy yordam ko'rsatish. Yig'inda AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Vilyam Berns (William Burns) ham ishtirok etmoqda. Bleyk ham unda qatnashayapti.

Anjuman - o'tgan yili Istanbulda boshlangan mintaqaviy tashabbusning davomi. Unga ko'ra, urushdan charchagan davlat atrofidagi mamlakatlar birgalikda yordamni oshirib, xavfsizlikni ta'minlash va iqtisodiy taraqqiyot yo'lida hamkorlikni kengaytirishi kerak.

Bugun Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyev poytaxtda o'tgan Yevrosiyo media forumida so'zlar ekan, 2014-yildan keyin vaziyat beqarorlashadi deb xavotirlanish o'rinsiz, deydi. Uning fikricha, bunday tashvishlanish mintaqadagi o'zgarishlarni ilg'amaslik, tushunib yetmaslik bilan barobar.

Xavfsizlik yuzasidan xavotirlar ayniqsa, O'zbekiston tomonidan ko’p tilga olinmoqda. Islom Karimov yaqinda Moskvaga tashrifida chog'ida asosan xavfsizlik xususida gapirdi.

Karimov Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashuvda barqarorlikni saqlashda Kreml madadidan umidvor ekanini aytdi.

“Biz Afg’onistondan qo’shinlar chiqarilishidan so’ng terrorizm, ekstremizm va narkotrafik tahdidi kuchayishidan jiddiy tashvishdamiz”, - dedi Karimov.

Toshkent xavotiri shuki, Afg’onistonda vaziyat 2014-yildan keyin yanada chigallashishi mumkin. O'zbekistonga nisbatan tashqi tahdid o'sishi haqida gap ketmoqda.

AQSh nazarida esa mintaqa xavfsizligi nafaqat tashqi balki ichki omillarga ham bog’liq.

Robert Bleyk Toshkentda fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuvda inson huquqlariga oid vaziyatni hamkorlik rivojlanishidagi katta to’siqlardan biri sifatida qayd etgan. Amerika huquq masalasini ko‘tarishda davom etadi, deydi u.

Bleyk bilan uchrashgan faol, Inson huquqlari mustaqil tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov:

"Mening o’ylashimcha, hozir AQSh O’zbekistonga qurol-yarog’ tashlab ketadigan bo’lsa ham (Afg’onistondan qo’shinlarning O’zbekiston orqali chiqarilishi evaziga), Bleykning ishontirishicha yoki AQSh olib boradigan umumiy siyosat bo’yicha ham, inson huquqlari masalasi hech qachon e’tibordan chiqarilmaydi. Albatta, buni vaqt ko’rsatadi. Lekin o’ylashimcha, AQSh inson huquqlari masalasini yoddan chiqarmaydi".

Robert Bleyk Qozog’istonda o’tgan matbuot anjumanida ham Afg’onistondan xalqaro qo’shinlar chiqarilganidan keyin AQSh mintaqa bilan hamkorlikni pasaytirmaydi deb aytgan.

Shimoliy Ta'minot Tizimi, Afg'onistondagi koalitsiyaga zarur yuk tashiladigan yo'nalish, 2014-yildan keyin ham ishlashi kutilmoqda.

AQSh Afg’onistondan qo’shinlarni chiqarishda ham mintaqadan foydalanadi.