AQShda majburiy emlanishga qarshi norozilik kuchaymoqda

  • Amerika Ovozi

Arxiv surat

Bayden ma’muriyatining ish joylarida emlashni majburiy qilish farmoni AQShda qarshilikka uchramoqda. Sud 100 dan ortiq xodimi bor bizneslar uchun federal emlash mandatini vaqtincha to’xtatishga qaror qilgan, Oq uy yuqori sudga shikoyat qilishi kutilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 8-noyabr, 2021-yil

Ayrim shtatlar, kompaniyalar va diniy guruhlar Oq uy farmonining konstitutsiyaga zid ekanini aytarkan, uni sudga bergan. Bayden ma’muriyati choraning muhimligiga urg’u bermoqda.

“Ish joylarida bunday qoidalar foydali bo’libgina qolmay, pandemiyadan chiqishni tezlashtirish uchun zarur chora hamdir”, - deydi AQSh bosh xirurgi Vivek Murti.

Bayden ma’muriyatiga ko’ra, ish joylarida xavfsizlik choralarini joriy etish va nazorat qilish federal hukumat vazifasidir. Biroq ayrim qonunchilarga ko’ra, COVID-19 bilan bog’liq mandat ortiqcha.

“Odamlar emlanish qarorining ulardan olib qo’yilishini istaydi deb o’ylamayman. Ular federal hukumatning istalgan payt istaganini qilishi uchun pretsedent yaratilishini ham xohlamaydi”, - deydi Florida gubernatori Ron Desantis.

AQSh bo’ylab vaksinatsiya kampaniyasi davom etarkan, ba’zilar federal hukumatning yanvar oyidan kuchga kiradigan qaroriga ehtiyoj y’oq deb hisoblaydi.

“Maqsadimiz nima degan savolni berishimiz kerak. Mamlakatda 18 yoshdan katta aholining 81 foiziga yaqini emlanib bo’lgan. Aholining qanday qismini emlashni maqsad qilyapmiz va buning uchun qarshilik, keskinlik, madaniy bo’linishga tayyormizmi degan savolni o’zimizga berishimiz kerak”, - deydi AQSh Oziq-ovqat va dori-darmon xavfsizligini nazorat qilish boshqarmasi sobiq rahbari Skot Gottlib.

AQShda virus yuqtirish sur’ati tushayotganiga qaramay, kuniga o’rtacha 70 ming odam kasal bo’lmoqda.