O'zbekiston: Afg'oniston tinchlik muloqotiga mezbonlik qilishga tayyormiz

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani (markazda) O'zbekiston delegatsiyasini qabul qilmoqda, Kobul, 31-mart, 2019-yil.

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov yetakchiligidagi delegatsiya Kobulda Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani bilan uchrashdi. Tomonlar tinchlik jarayoni, mintaqaviy hamkorlik, infratuzilma loyihalari va iqtisodiy aloqalar xususida gaplashdi, deyiladi Afg'oniston prezidenti matbuot xizmati tarqatgan bayonotda.

Uchrashuvda Komilov infratuzilma loyihalari ikki mamlakat aloqalarini yanada mustahkamlashini ta'kidlagan.

O'zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, afg'onlar yetakchiligidagi tinchlik jarayonini qo'llab-quvvatlashini bildirgan.

"Agar Tolibon to'g'ridan-to'g'ri afg'on hukumati bilan gaplashishga tayyor bo'lsa, O'zbekiston muloqotga mezbonlik qilishga tayyor", - dedi Komilov.

Prezident G'ani O'zbekistonning ishitokidan mamnunligini aytib, ayniqsa, iqtisodiy va infratuzilma loyihalari uchun tashakkur izhor qildi.

G'ani 2017-yil dekabrda O'zbekistonga qilgan safari davomida iqtisodiyot, tranzit, xavfsizlik, elektr energiyasi, qishloq xo'jaligi, sog'liqni saqlash va oliy ta'lim kabi 20 dan ortiq yo'nalishda o'zaro hamkorlik bitimlarini imzolagan edi.

Tomonlar konchilik, tekstil, boj va xavfsizlik bo'yicha axborot almashish sohalarida ham yangi kelishuvga qo'l qo'yishi kutilyapti.

O'zbekiston delegatsiyasi Afg'oniston Milliy xavfsizlik kengashi vakillari bilan ham uchrashgan.