Urush faxriylarini eslab...

  • Amerika Ovozi
Vyetnam urushi faxriylari memoriali Vashingtonda ko’p tanilgan, mehmonlar qadami uzilmaydigan joy. Tim qora yodgorlikka jangda halok bo’lgan yoxud bedarak ketgan 58 mingdan oshiq askarning ismi bitilgan.

Har yakshanba obidani sarishta saqlab, marhumlarni xotirlash uchun volontyorlar to’planadi. Vyetnam urushi 20 yil davom etgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Vyetnam urushi faxriylarini xotirlab


Tonggi oftob nurlariga cho’mgan Vashingtonda ko’ngillilar berilib mehnat qilayapti.

Ular “Rolling Thunder” – “Gulduros Momaqaldiroq” deya nomlangan va bedarak ketgan, asirga tushgan askarlar haqida ommani ogoh qiluvchi guruh vakillari. Erta tongdan volontyorlar Vyetnam urushi memorialini yuvib, tozalash bilan band. Frontda halok bo’lgan yoxud daragi bo’lmay ketgan 58 mingdan ziyod askarning ismi sharifi o’yib yozilgan unga.

Ko’ngillilarning ko’pi urush faxriylari. Bu ishga qo’shilgani bejiz emas.

“Veteranlarimizni xotirlash sharafli ish. Jonini fido qilgan harbiylar xotiramizda abadiy qoladi. Qilgan ishlarini bo’lg’usi avlodlar ham esdan chiqarmasin”, - deydi Forrest Lingenfelter, ko’ngilli.

“Tomoshabin ham qarab, dili xushnud bo’ladi. O’zimizning ham ko’nglimiz yorishadi”, - deydi yana bir ko’ngilli Al Mori.

“Marhum faxriylar ro’yxatida mening ham qadrdonim bor. Uni eslab, hurmatini joyiga qo’yaman”, - deydi Jon Eynbinder.

Aksariyat ko’ngillilar motosiklchilar. Xotira kuni kabi ayyomlarda Amerikaning turli burchaklaridan motorini gurillatib yetib keladi.

30 yil oldin qad ko’targan memorialni ko’raman deb har yili millionlar tashrif buyuradi. Ko’plar yaqinlarini, oila a’zolarini eslaydi. Boshqalar sovg’a-salom, gulchambar ko’tarib keladi.

Yan Skruggs Vyetnam urushi faxriysi. Tashabbus ortida turgan ham shu odam.

“Yodgorlik urushdan qolgan jarohatlarga malham bo’ldi, ruhiy jarohatlarga ayniqsa. Askarlarning ism-sharifini ko’rib, qog’ozga tushirib, yaqinlarning ko’ngli yorishadi. Ko’p yildan beri to’planib qolgan g’ubor tarqalganday bo’ladi”, - deydi volontyor.

Faxriylar ham ko’ngilli bo’lib ishlab kasbdosh harbiylar bilan ko’rishganday, suhbatini olganday bo’ladi:

“Unutmadik, unutmaymiz, unutishlariga yo’l qo’ymaymiz”.