"Visa" kartochkasi O'zbekistonda qalay ishlayapti?

"Visa", Amerikada asoslangan moliyaviy korporatsiyalardan biri, 2017-yildan beri O'zbekistonda faoliyatini yo'lga qo'yib, mamlakat banklari bilan ishlab kelmoqda. ​Hukumatga ko'ra, bu tizimda o'zgarishlar katta. Bank sistemasi, shuningdek, moliyaviy tizimning boshqa qismlari islohotlar ostida. Yaqinda Vashingtonda kechgan biznes forumda "Visa" vitse-prezidenti Salvador Perez-Galindo bilan gaplashdik.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekiston: "Visa" vitse-prezidenti bilan muloqot

Vashington, 22-oktabr, 2019

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekistonga kirdingiz...nimalar qila oldingiz o'tgan ikki yilda?

Salvador Perez-Galindo, "Visa": O'tgan ikki yildagi eng ahamiyatli o'zgarish - bugun O'zbekistonda raqamli to'lov tizimlari bor va ular kengaymoqda. Biz mana shu jarayonga o'z hissamizni qo'shayapmiz. Biz o'zimiz uchun imkoniyatlar ochayapmiz. Respublika moliya tizimidan kelayotgan signallarga asoslanib, kengayish harakatidamiz. Biz nafaqat xorijdan kelganlarga, balki mahalliy odamlarga ham xizmat ko'rsatamiz.

O'zbekistonga chet elliklar oqimi oshar ekan, turizm rivojlanar ekan, bu biz uchun ayni muddao, bizdek bizneslarga ulkan imkoniyat. O'zbekistonda to'lov tizimlari qanchalik takomillashsa, shuncha yaxshi. "Visa" ishlatish mumkin bo'lsa, odamlar ko'proq xarajat qiladi. Bu esa mamlakat uchun iqtisodiy foyda, mahalliy foyda. Toshkentda vakilimiz bor. Regional idoramiz Almatida, lekin O'zbekistonda ham ishimiz kengaymoqda.


Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Qozog'iston va O'zbekistondan tashqari mintaqada yana qayerda ishlaysiz?

Salvador Perez-Galindo, "Visa": Butun mintaqa bo'ylab faolmiz.

Navbahor Imamova, VOA: Qiyoslaydigan bo'lsak, O'zbekiston qayerda, qo'shnilarga qaraganda? Qozog'istonda "Viza"ni ko'proq ishlatishadi, to'g'rimi?

Salvador Perez-Galindo, "Visa": Shunday. Qozog'iston hozir O'zbekiston boshdan kechirayotgan jarayonlardan o'tib bo'lgan. Yetib olishi kerak. Shu bois biz qattiq ishlab, innovatsion xizmatlar, tizimlarni tezlashtiruvchi uslublar taklif qilmoqdamiz. Banklarni isloh qilish juda muhim. Biz O'zbekistonga yangicha to'lov tizimlari olib kirmoqchimiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Hukumat, mana bu forumda ham eshitayapsiz, siz bilan ishlashga tayyor ekanini aytmoqda. Tizim bugun har qachongidan ochiq, degan bayonotlar qilinmoqda. Hozir keling biz bilan ishlashga, hozir ayni zamoni, degan gaplarni aytishyapti. Siz nima deyapsiz? Qanday masalalarni ko'tarayapsiz?

Salvador Perez-Galindo, "Visa": Zo'r savol. Aniqlik, barqarorlik, shaffoflik va oshkoralik. Siyosatni biz shunga qarab baholaymiz. Bizning sohamiz uchun sharoit yaxshilanmoqda, shu bois raqamli to'lovlar bobida katta-katta qadamlar tashlandi. Qog'ozbozlikni kamaytirish. Soliqlarni yig'ish jarayonining raqamli texnologiyaga o'tishi. Hukumat bu borada bizga aniq aytayapti. Tushunamiz. Ishonch bor. Biroq to'lov tizimlarini kengaytirish bobida normativ-huquqiy baza yetishmaydi. Tegishli organlar bilan ko'proq gaplashib, tushuntirishimiz kerak. Markaziy bank bilan, masalan. So'nggi paytdagi qarorlari yuzasidan gaplashyapmiz. Sanoat va nazorat tizimlari orasida konstruktiv muloqot zarur. Faqat banklar emas, bizga o'xshagan yirik to'lov tarmoqlari bilan. Oshkoralik, shaffoflik biz uchun o'ta muhim omillar.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Kommunikatsiya bobida ishlash kerak.

Salvador Perez-Galindo, "Visa": Xuddi shunday, dialog va kommunikatsiya.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Sizning sohangizda syurprizlarni yoqtirishmaydi-a?

Buni ham ko'ring Visa in Central Asia: VP Salvador Perez-Galindo on reforms in Uzbekistan

Salvador Perez-Galindo, "Visa": Yo'q, yoqtirmaymiz. Nazoratni ta'minlashda ularga zarur bo'lgan barcha ma'lumotlarni berishni istaymiz. Ular bu informatsiyani hisobga olib qaror qilishini istaymiz. O'zbekistonda aynan shu bilan bog'liq masalalar bor.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekistonda omma orasida ham moliyaviy siyosat va tizimlarga nisbatan ishonchsizlik seziladi. Hukumat valyuta liberalizatsiyasi davom etadi deb turibdi. Siz bunga ishonasizmi? Chunki usiz siz ishlolmaysiz.

Salvador Perez-Galindo, "Visa": Ishonishni xohlaymiz va bu biz uchun nihoyatda muhim. Moliyaviy savodxonlikni oshirish ham dolzarb vazifa. O'zbekiston naqd pulga asoslangan iqtisodiy tizimga ega. Raqamli to'lov tizimlariga o'tish, bu sektorni takomillashtirish xalqdan yuqori moliyaviy tushuncha va bilim talab qiladi. Ishonch shunga qarab o'sadi. Odamlar yangi tizimlarga tayana olishini ko'rishi kerak. Bu bizning biznesimiz. Odamlar naqd pulsiz ham mahsulot yoki xizmat uchun to'lashi mumkinligiga o'rganmasa, o'zgarish ham bo'lmaydi. Biz mana shu jarayonda muhim roldamiz. Shu bois hukumat va xalq bilan yaqindan ishlay olishimiz, o'zimizni tushuntira olishimiz, ularni tinglay olishimiz, bir-birimizga suyana olishimiz zarur. Har qanday xizmat shunday yo'lga qo'yiladi.