Oq tanli millatchilar yig'ini kuchli norozilik uyg'otdi

  • Amerika Ovozi

Stiven Bannon, Donald Trampning yaqin maslakdoshi

Amerika poytaxtida respublikachilarning eng radikal qismi Donald Trampning prezidentlikka saylanganini nishonlar ekan, norozilik namoyishlari avj oldi.

Oq tanli millatchilar sifatida tanilgan guruh qora tanli aholi katta sonni tashkil etadigan shaharda yig'ilib, ziyofat bergani Vashington ahlini g'azabga keltirdi.

Ziyofat o'tayotgan imorat oldida yuzlab odam to'plandi. Politsiya hech kimni hibsga olmadi lekin to'polonda bir kishi jarohat olgan.

Tantana Oq uydan bir ko'cha narida tashkil qilindi.

Trampga qarshi namoyishlar mamlakat bo'ylab davom etmoqda. 2017-yilning 20-yanvaridan ishga tushadigan prezidentning yaqin maslahatchisi Stiven Bannon oq tanli millatchi va uning Oq uyda bosh strateg bo'lishi noto'g'ri qaror, deydi siyosatdonlar.

Bannon oq tanlilar hammadan ustun, xotin-qizlar erkaklar bilan teng emas, muhojirlar ham o'z o'rnini bilsin, degan qarashlari bilan tanilgan.

Oq tanli millatchilar yig'inini tashkil etgan Milliy Siyosat Instituti o'zini shunday tasvirlaydi: “Biz mustaqil tashkilotmiz. Yevropa kelib chiqishiga ega odamlar manfaatlari uchun kurashamiz".

“Ular irqchilar. Ularning natsistlardan farqi yo'q",- deya hayriqadi namoyishchilardan biri. "Bu guruh uchun biz hech kimmiz. Ular Amerika jamiyatini yemiradigan kuch".

Respublikachilar orasida ham Trampni o'z atrofiga turli elat va din vakillaridan chiqqan arboblarni to'plashga chaqirayotganlar ko'p.