Merilend universitetida ob-havo bashoratini yaxshilash ustida tadqiqotlar

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda va dunyo bo’ylab tabiiy ofatlar tez-tez ro’y berar ekan, ob-havoni xaritaga tushirish dasturlarini mukammallashtirish ustida ish ketmoqda.

Ob-havodagi keskin o’zgarishlar AQShning har burchagida namoyon. Anomal ob-havo hodisalarini tushunish muhim, deydi meteorolog va olimlar. Merilend universiteti tadqiqotchilari bu maqsadga erishishda ko’maklashmoqda.

Okean va atmosfera boshqarmasi va Fazo agentligi NASA bilan hamkorlikda ular 3D virtual reallik texnologiyasidan foydalanib, ob-havoni xaritalash dasturini yaratmoqda. Hozirda ma’lumotlarni ikki o’lchovli (2D) formatda ko’rish mumkin.

“Atmosfera ma’lumotlari tabiatan 3D formatda. Masalan, bulutlar. Shamol ham faqatgina sharqdan g’arbga esmaydi”, - deydi tadqiqotchi Erik Li.

“Virtual reallik texnologiyasi bizga ana shu ma’lumotlarni 3D shaklda namoyish etish imkoniyatini beradi. Bu, o’z navbatida, ma’lumotlar chuqurroq tahlil qilinishiga yo’l ochadi”, - deydi olim Meyson Kvik.

AQSh Okean va atmosfera boshqarmasi tomonidan moliyalangan loyiha ob-havoni xaritalashda virtual reallik imkoniyatlarini o’rganayotgan dasturlardan biridir.

“Sensorli texnologiya ilm-fan sohasidagi boshqa bilimlarimiz bilan birga qo’llanib, foydali informatsiya qaror qabul qiladigan odamlar qo’liga yetkazilsa, masalan, o’rmon yong’inlarini katta muammoga aylanmasidan to’xtatish mumkin”, - deydi fizik Skott Rudloski.

Loyiha dastlabki bosqichda bo’lsa-da, mutaxassislar uzoq muddatda prognozlar qilishda qo’l kelishiga ishonadi.

“Bu kabi sistema meteorologlar uchun bashorat qilishni, ekstremal ob-havo va tabiiy ofatlar paytida tezda qaror qabul qilishni osonlashtiradi. Odamlar hayotini saqlab qolish mumkin”, - deydi tadqiqotchi Erik Li.