Breaking News

Tramp-Bayden: Iqlim va energetika bo’yicha farqli qarashlar


Tramp, Bayden va energetik siyosat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:16 0:00

Prezident Donald Tramp Texas shtatiga tashrifi chog’ida energetika bo’yicha rejalarini targ’ib qildi. Jo Bayden ilgari surayotgan toza energiya tashabbuslari, deydi u, AQSh iqtisodiyotini barbod qiladi.

Saylov kampaniyasi doirasida Texasdagi neft inshootiga tashrif buyurgan Tramp AQShning energetik ustunligini tiklashga va’da bermoqda. U suyultirilgan gaz va xom neft eksporti ruxsatnomalarini uzaytirish bo’yicha hujjatlar imzoladi.

Tramp energetika bo’yicha rejalarini prezidentlikka demokrat nomzod Jo Baydenniki bilan qiyosladi.

“Bayden Texasda yaxshi natija ko’rsata olmaydi. U neft va gaz qazishning freking uslubini taqiqlashni xohlaydi. Unga o’xshagan so’lchi siyosatchilar hokimiyatga kelsa, nafaqat Texasdagi shu sanoatni, balki butun AQSh iqtisodiyotini barbod qiladi. Ular iqlim o’zgarishiga doir Parij kelishuviga qayta qo’shilsa, milliardlab dollarni Amerikaning raqobatbardoshligini tushirish uchun sarflagan bo’lamiz”, - deya ta’kidladi Tramp.

Texas 1980-yildan beri respublikachilarga ovoz berib keladi. Ammo so’rovlar Bayden Trampdan biroz oldinda ekanini ko’rsatmoqda. Bu qisman pandemiya bilan bog’liq.

Shtat neft va gazdan tushadigan daromadga tayanadi. Bu sektorda COVID-19 sabab minglab odam ishidan ayrilgan. Bu Tramp va uning partiyasi uchun muammo, deydi siyosiy konsultant Brendan Staynxauzer.

“Birinchidan, Texasda neft va gaz sohasi ishchilarining aksariyati respublikachilardir. Ikkinchidan, Respublikachilar partiyasi, bu partiyaga mansub siyosatchilar, jumladan Prezident Tramp ham bu sektordan katta mablag’ oladi”, - deydi suhbatdosh.

Jo Bayden, agar prezidentlikka saylansa, transport, elektr energiyasi va qurilish sohalarini yashillashtirish uchun 2 trillion dollar sarmoya qilishini aytmoqda.

Bu pandemiyadan qaqshagan iqtisodiyotni tiklash hamda iqlim o’zgarishiga qarshi kurashish bo’yicha tashabbuslarimning bir qismi, deydi nomzod.

“Tramp iqlim haqida o’ylasa xayoliga “yolg’on” degan so’z keladi xolos. Men iqlim o’zgarishi deganda ish joylari haqida o’ylayman”, - deydi Bayden.

Tramp kampaniyasiga ko’ra, Baydenning rejalari energetika sanoatini xonavayron qiladi. Sharhlovchi Jared Leopold fikricha, bunday gaplar o’rinsiz.

“Saylov uchun muhim shtatlarda gaz, ko’mir va neft sohasida emas, muqobil energiya sanoatida ish ko’proq. Shuning uchun Bayden buni iqtisodiy rejasining asosi sifatida belgilagani aqlli qaror”, - deydi u.

O’z navbatida, Tramp ma’muriyati minglab gektar yerni ko’mir kompaniyalari ixtiyoriga topshirish, Obama davrida qabul qilingan ekologik qoidalarni bekor qilish, milliy qo’riqxonalar maydonini qisqartirib neft va gaz ishlab chiqarishga yo’naltirish energetika sanoati uchun muhim ekanini ta’kidlaydi.

Ushbu qarorlar ekologik tashkilotlarning keskin tanqidiga uchragan. Energetika va iqlim bilan bog’liq masalalar noyabrdagi saylov natijasini ham belgilaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG