Oq Uyga o’q uzgan odam prezidentni o'ldirishga uringanlikda ayblanmoqda

  • Amerika Ovozi

Ayblanuvchi - Oskar Ramiro Ortega-Xernandez. U prezidentdan nafratlangan, uni nasroniy deb bilmagan, deydi tergovchilar.

O’tgan haftada Oq Uyga qarata o’q uzgan odam prezident Barak Obama va qarorgoh xodimlari hayotiga qasd qilishga uringanlikda ayblanmoqda.

21 yoshli Oskar Ramiro Ortega-Xernandez Pensilvaniya shtatida hibsga olingan edi.

Ayblanuvchining Vashingtonga olib kelinishi va sud qilinishi kutilmoqda. Aybdor deb topilsa, umrbod qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.

Tergovchilarning aytishicha, Ortega-Xernandez prezident Obamadan nafratlangan va uni nasroniy deb bilmagan.

Oq Uyga otilgan ikki o'qdan biri deraza oynasining tashqi qavatini sindirgan

Prezident va boshqa yuqori martabali rasmiylar himoyasini ta’minlovchi maxfiy xizmatning ma’lum qilishicha, Ortega-Xernandez uzgan ikkita o’q Oq Uy binosiga tekkan, biri deraza oynasini sindirgan.

Otishma paytida prezidentning oilasi Oq Uyda bo'lmagan.

11-noyabrda sodir etilgan bu hujum ketidan tashlandiq bir avtomobildan qurol topilgan.