Uitni Xyuston, afsonaviy ovoz sohibasi, 48 yoshida vafot etdi

Uitni Xyuston, afsonaviy ovoz sohibasi, 48 yoshida vafot etdi

1980-yillar boshida jahon musiqa sahnasiga kirib kelgan xushovoz xonanda Uitni Xyuston (Whitney Houston) 48 yoshida olamdan o’tdi. Uning jasadi 11-fevral kuni kunduz soat 4 larda Los-Anjelesdagi mehmonxonadan topilgan. O’lim sababi o’rganilmoqda. Tergovchilar bu borada hozircha og’iz ochmayapti.

1980-90 yillarda Uitni Xyuston dunyo e’tiborini o’ziga qaratgan super yulduz edi. Pop musiqa malikasi deya shuhrat qozongan edi.

Gollivudning 1992-yilda chiqqan “Tan soqchisi” (The Bodyguard) filmi va undagi qoshiqlari bilan Uitni Xyuston kinoaktrisa degan maqomga ham sazovor bo’lgan edi.

G’arb musiqa olamining eng oliy mukofoti “Gremmi” (Grammy) ga olti bor munosib topilgan.

Uitni Xyuston Nyu-Yorkdagi tungi klublarda kuylab, yirik prodyuserlarning ko’ziga tushgan va shirali ovozi, maftunkor ko’rinishi bilan bir zumda yulduzga aylangan.

Uitni Xyuston 2000-yillarga kelib sahnada ko’rinmay qoldi, deyarli kuylamay qo’ydi. Shaxsiy hayoti baxtsiz ekani va ayniqsa, qoradoriga mukkasidan ketganini uning o’zi ham ochiq aytar, yaqin orada yangi albomlari chiqishini ta’kidlar edi.

2002-yilda bergan intervyusida, Uitni Xyuston o’sha paytdagi turmush o’rtog’i Bobbi Braun bilan yonma-yon o’tirib, “Asl ayb o'zi menda, o’zimga o’zim dushmanman”, deya hayotidagi barcha xatolarni tan olgan edi.

Xonanda kokain, marixuana va og’riqni qoldiruvchi dorilarga berilgan edi. Shu darajadaki, hatto ovozini ancha yo’qotgan, kuylashga qiynalib kelayotgan edi.

Amerikaning o’zida 55 million, dunyo bo'ylab 170 million diski sotilgan Uitni Xyuston 2007-yilda Bobbi Braun bilan ajrashgach, hayotini yangidan boshlashga harakat qildi, lekin uddalay olmadi.

Los Anjeles, 1994

Unutilmas qo’shiqlari qatorida undan yana bir narsa meros qoldi. Uitni Xyuston pop yulduzlarining yangi avlodiga ilhom berdi. Meraya Keri, Toni Brekston, Beyonse, Jennifer Xadson, Kristina Agilera, Britni Spirs singari qo’shiqchilar o’z ijodida aynan Uitni Xyustondan o’rnak olganini aytadi.

Xonanda ko’plab yosh san’atkorlarga ustozlik qilgan. R&B, jazz va pop musiqani o’zida mujassam etgan yangi bir janrga asos soldi.

2010-yilda Uitni Xyuston qoradoridan voz kechib, butunlay tuzalganini e’lon qildi. Konsertlar berishini aytdi. Bir necha tadbirlarda kuyladi, lekin katta dasturlar bilan chiqa olmadi.

Vashington, 2011

Uitni Xyustondan bir farzand qoldi. 18 yoshli qizi, Bobbi Kristina Braun.

So’nggi ikki yilda u haqda eng ko’p yozilgan va aytilgan narsa shu bo’ldiki, Xyustonning quruq suyagi qolgan. Shu qadar ozib ketganidan hatto oyog’ida tik tura olmaydi.

Shu bois uni yaqindan bilgan odamlarning ko’pi xonandani qoradori o’ldirgan deya xulosa qilmoqda.

Uitni Xyuston Amerika telekanallariga bergan so’nggi intervyularidan birida baxt va muvaffaqiyat haqida so'zlab, bu ikki narsani his eta olish va qadrlash hammaga ham nasib etmaydi, degan edi.

Dunyo bo’ylab millionlab muxlislar xonandani abadiyatga kuzatar ekan, Uitni Xyustonning o’lmas qo’shiqlari yangramoqda, shuhrati eng yuqori cho’qqiga chiqqandagi siymosi ko’z oldimizda. Balki aynan o’sha damlar hayotdan erta ketgan bu inson uchun eng baxtli, muvaffaqiyatli, bebaho lahzalar bo’lgandir. Aks holda uning kuy va ovozi qalbimizdan mangu o’rin ololmas edi.

http://www.youtube.com/embed/FxYw0XPEoKE

http://www.youtube.com/embed/h9rCobRl-ng