Silikon vodiysi eski zamon sarqitlari changalidami?

  • Amerika Ovozi

Kashfiyotini sinab ko'rayotgan texnolog

O’tgan oylar ichida AQShning texnologik ixtirolar makoni bo’lmish Silikon vodiysida yuqori lavozimlardagi bir necha xotin-qiz o’z idorasini jinsiy diskriminatsiya va bosimda ayblab chiqdi. “Uber” kompaniyasining rahbarlaridan biri ishdan ketdi. Kashfiyotlar makoni nahotki eski zamon sarqitlari changalida? Dunyoni o’zgartirayotgan texnologiyalar ortida turgan bizneslar tenglikni ta’minlay olmaydimi?

Your browser doesn’t support HTML5

Dunyoni o’zgartirayotgan bizneslar tenglikni ta’minlay olmaydimi?

Yaqinda 30 dan ortiq mashhur kompaniyada muhim vazifalarni bajaradigan ayollar vilosipedda birga mashq qilib, ommani o’ziga qaratdi. Aslida ular nozik bir masalaga e’tiborni tortmoqchi. Silikon vodiysi deganda ko’pchilik o’ta zamonaviy, ilg’or odamlar ishlaydigan joyni tasavvur qiladi. Aslida esa vaziyat unday emas, deydi ular.

Tim Dreyper o’z kompaniyasiga ega biznesmen. Ayollarning iddaosini u tasdiqlaydi.

“Xotin-qizlar uchun ajoyib bir davr aslida. Imkoniyatlar keng. Lekin kamsitish illatidan qutulolmaganmiz. Kurashamiz unga qarshi”, - deydi u.

“Erkaklar tobora biz tarafimizda ekani yaxshi. Haqiqat shuki, tepada o’tirganlarning aksariyati hamon erkaklar, xoh siyosat xoh biznes sohasida bo’lsin”, - deydi Perl Chen, HTC kompaniyasida idora boshqaruvchisi.

Jinsiy diskriminatsiyaga uchraganlar oldingidek qo’rqib o’tirmaydi. Chidab, sirini ichiga yutmaydi. Xotin-qizlar boshidan o’tganini hikoya qilib, ularni kamsitgan erkaklarning kim ekanini aytib, qay lavozimda bo’lmasin, adolat va tenglik talab qilmoqda.

“G’oyangizni aytasiz. Ular sizga qarab, “juda qiziq” deydi. Keyin esa siz bilan shaxsiy aloqa istaydi”,- deydi Vendi sobiq model, endilikda tadbirkor.

Qay erkak bilan muloqot qilmasin, ular ishqiy munosbat istab qoladi. Hatto maslahat so’rasa ham.

“Politsiyaga bormaymanku shuni deb”.

Vendi o’zini ishga urib, yangi programma yaratdi. “Cinemmerse” degan. Aqlli soatlar uchun.

“Yordam so’rab o’tirmay boshqa yo’l qidirdim. Uquvimni oshirdim. O’z ustimda ishladim”,- deydi Vendi.

Xotin-qizlar dardini ochiq aytib, ularga bosim o’tkazgan erkaklarni fosh etgani sari vaziyat yaxshilanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bu qizg’in muhokamada. “Uber” kompaniyasida masalan oxir-oqibat eng yuqori lavozimdagi odam ishidan olindi.

“Internet deysizmi, boshqa sohalarmi, hammasida jinsiy tengsizlik toqat qilib bo’lmaydigan holat ekanini targ’ib qilishimiz kerak. Har bir sanoatda, jumladan ilg’or texnologiya olamida”, - deydi Keyt Mitchell.

Demak, gap oshkoralikda. Zamon bilan hamnafas inson hech kimni kamsitmaydi, unga bosim o’tkazmaydi.