Jahon banki: Markaziy Osiyoda ta’limga alohida e’tibor zarur

  • Amerika Ovozi

COVID-19 pandemiyasi o’quvchilar va talabalar aholining qariyb yarmini tashkil etadigan Markaziy Osiyoda ta’lim, inson kapitali hamda iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotga uzoq muddatli salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin, deya ogohlantirmoqda Jahon banki ekspertlari.

Inqiroz o’quvchilarning katta qismini funksional savodsizlik tomon yetaklamoqda. O’qish, yozish va matematikani yetarli darajada bilmaslik ularni kelajakda daromaddan ham mahrum qiladi, deyiladi moliyaviy tashkilot tahlilnomasida.

Pandemiyadan oldin Markaziy Osiyoda ta’lim shundoq ham oqsayotgan sohalardan biri edi. Xalqaro talabalarni baholash dasturi (PISA) ma’lumotlariga ko’ra, regionda o’rtacha talaba Yevropadagi tengdoshidan 1,5 yil orqada. Daromad va masofaviy ta’lim bo'yicha imkoniyatlar tengsizligi o’quvchilar orasida tafovut kengayishiga sabab bo’lmoqda. Masalan, Qozog’istonda kambag’al oila farzandi tengdoshidan bir yil, Qirg’izistonda esa 2,5 yil orqada.

Maktablar yopilishining ijtimoiy nochor qatlamga ta’siri ayniqsa kuchli.

“COVID-19 ning ta’limga salbiy ta’siri o’nlab yillar davomida ask-sado beradi. Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 44 milliard dollar zarar ko’rishi kutilmoqda. Region hukumatlari favqulodda vaziyatda bolalarni o’qitish uchun bir necha kanallar orqali tezkor choralar ko’rdi. Endi esa yangi ta’lim tizimini yaratish tomon qadam tashlash vaqti keldi. Sifatli va barcha foydalana oladigan tizim”, - deydi Jahon bankida ta’lim bo’yicha mutaxassis Aysha Vavda.

Hukumatlar, deya qayd etadi Jahon banki, krizisdan chiqib olish dasturlarida ta’limni ustuvor yo’nalish deb belgilashi lozim. Ta’lim byudjetini kamaytirmaslik, masofaviy ta’lim sifatini oshirish, o’quv programmalarini o’quvchi qobiliyati va ko’nikmalariga moslashtirish, muallimlarni turli baholash strategiyalari bilan qurollantirish haqida gap ketmoqda.

Talaba, o’quvchi va o’qituvchilar orasida raqamli ko’niklamalarni rivojlantirish, masofaviy o’qitish platformalarida muloqot ko’lamini oshirishga ham e’tibor zarur.

“Biz mintaqada COVID-19 sababli uch ta’lim loyihasini yo’lga qo’ydik – Qozog’iston, Qirg’iziston va O’zbekistonda. Ushbu loyihalar orqali favqulodda vaziyatlarda va virtual ta’lim uchun birmuncha ko’mak ko’rsata oldik. Masalan, Qozog’istonda masofaviy ta’limni ustidan monitoring yo'lga qo'yildi, qishloq o’qituvchilari raqamli uskunalar bilan ta’minlandi”, - deydi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo’yicha direktori Liliya Burunchuk.