AQSh futbol bo'yicha jahon chempionatida yettinchi bor ishtirok etmoqda

  • Amerika Ovozi

Braziliya - futbol bo'yicha jahon chempionati mezboni

Dunyoda yilning eng yirik sport musobaqasi – futbol bo’yicha jahon chempionatiga 12-iyun kuni start beriladi. Shu kuni mezbon Braziliya terma jamoasi Xorvatiyaga qarshi maydonga tushadi. AQSh uchun bu ketma-ket yettinchi turnir.
Nyu-Jersi shtatining Nyu-York shahriga yaqin Xarrison stadioni futbol bo’yicha AQSh milliy terma jamoasi jahon chempionatiga tayyorgarlik olib borayotgan o’yingohlardan biri.

Turkiya ustidan yaqinda kichik hisobda qozonilgan g’alaba oldidan ham jamoa shu maydonda shug’ullandi. Tayyorgarlikning birinchi qismi jurnalistlar ishtirokida o’tdi, ammo asosiy mashg’ulotlarga chetdan hech kim kiritilmadi.

Germaniyaning mashhur sobiq futbolchisi Yurgen Klinsman 2011-yildan beri AQSh jamoasiga murabbiylik qiladi. Bu yil amerikaliklar yettinchi bor ketma-ket jahon chempionatida qatnashmoqda. Jamoaning musobaqadan umidlari katta, ammo bu safar AQShning “o’lim guruhi”dan joy olgani ko’pchilikni o’ylantirib qo’ydi. Birinchi bosqichda Qo’shma Shtatlar Germaniya, Portugaliya va Gana kabi kuchli jamoalarga qarshi to’p suradi.

“Juda qiyin qur’a bo’ldi. Og’ir guruh. Yaxshi natija ko’rsatishga harakat qilamiz. Keyingi bosqichga chiqishga umid bor. Shuning ustida ishlayapmiz. O’yinlar qiyin bo’ladimi? Albatta. Jahon chempionatining hech bir o’yini oson bo’lmaydi”, - deydi jamoa murabbiyi Yurgen Klinsman.

Klint Dempsi jamoaning asosiy hujumchisi, safdoshlari orasida yaxshi nom qozongan. AQSh termasining sardori ekanimdan faxrlanaman, deydi u.

“Jahon birinchiligiga borganda mamlakat termasi uchun sardor bo’lish hech unutilmas, katta sharaf. Saralash bosqichida Yurgen meni sardor etib tayinladi. Men qo’limdan kelgancha jamoadoshlarimni to’g’ri yo’lga boshlashga harakat qilaman”, - deydi Dempsi.

Komandadagi boshqa o’yinchlar ham Braziliyada yaxshi natija ko’rsatamiz deb shashti baland. Bosh murabbiy esa vaziyatga real baho beradi.

“Germaniyaning g’olib bo’lishi kutilyapti. Kubokni biz qo’lga kiritishimizga ko’zim yetmaydi, ammo oxirigacha kurashamiz. Yaxshi o’ynashni xohlaymiz”, - deydi u.

AQShning Braziliyadagi ilk o’yini 16-iyun kuni Ganaga qarshi kechadi. Bu jamoa o’tgan ikki chempionatda Qo’shma Shtatlarni musobaqadan chiqarib yuborganini amerikaliklar yaxshi eslaydi.