2013-yilda Isroil-Falastin ixtilofi kuchayishi kutilmoqda

  • Amerika Ovozi

O'tgan oy bo'lib o'tgan sakkiz kunlik urushda Falastinning minglab binolari talofat ko'rdi, 200 ga yaqin odam halok bo'ldi.

Isroil va XAMAS o’rtasida yaqinda ro’y bergan to’qnashuvlar Isroil-Falastin ziddiyatlarini yanada kuchaytirdi. Tahlilchilar nazarida, yaqin kelajakda tinchlikka erishish ehtimoli juda kam.

Your browser doesn’t support HTML5

Yil hisobi: Isroil-Falastin mojarosi, Behzod Muhammadiy


G’azo aholisi o’tgan oy yuz bergan Isroil hujumidan hali o’zini tiklab ulgurgani yo’q. Sakkiz kun davom etgan urushda 170 falastinlik va olti isroillik halok bo’ldi.

Isroilda ayrim binolar zarar ko’rdi, ammo G’azoda 200 ta imorat butunlay vayron bo’lgan, yana bir necha mingi jiddiy talofat ko’rgan. Ularni qayta ta’mirlash 300 million dollarga tushishi aytilmoqda.

Isroil G’azodan uchirilgan raketalarning aksariyatini yo’q qilishga muvaffaq bo’ldi. Ammo tahlilchi Mxaymar Abusadaning aytishicha, ixtilof Falastin prezidenti Mahmud Abbos mavqeini zaiflashtirib, aksincha, “XAMAS” guruhining obro’sini oshirdi.

“O’q otadigan ham, sulh tuzish yoki tuzmaslikni hal qildagin ham XAMAS. Mahmud Abbos, Falastin ozodlik harakati yoki boshqa dunyoviy guruhlarning ishtiroki yo’q bu jarayonda”, - deydi g’azolik tahlilchi.

G’azo ixtilofi XAMASning xalqaro hamjamiyatdagi mavqeini ham mustahkamladi. Hududning o’nga yaqin davlati tashqi ishlar vazirlari XAMAS hukumatni egallagandan beri o’tgan besh yilda ilk bor G’azoga tashrif buyurdi.

Isroil va XAMAS o’rtasida sulh tuzilganidan bir hafta o’tib esa BMT Bosh Assambleyasi Falastinga kuzatuvchi davlat maqomini berdi.

“Bizning endi Falastin nomli davlatimiz bor”, deydi muxtoriyat rahbari Mahmud Abbos.

Abbos vataniga qahramon sifatida qaytdi. Ammo g’alaba faqat ramziy va vaqtincha, xolos, deydi tahlilchilar.

Tadqiqotchi Shlomo Bromning aytishicha, Isroil ittifoqchilarining aksariyati Falastin rezolyutsiyasini qo’llab-quvvatladi yoki betaraf bo’ldi.