Yamanda generallar va prezident qabilasi yetakchilari namoyishchilar tomoniga o'tgan

  • Amerika Ovozi

Yamanda generallar va prezident qabilasi yetakchilari namoyishchilar tomoniga o'tgan

Yaman prezidenti Ali Abdulla Solihga yaqin bir necha general va qabila yetakchilari davlat rahbari iste'fosini talab qilayotgan namoyishchilar tomoniga o'tgan. Ulardan biri general Ali Muhsin al-Axmar al-Jazira televidenieysiga so'zlar ekan, "Yoshlarning tinch inqilobini qo'llab-quvvatlayman", degan.

Prezident Hashid qabilasidan bo'lib, uning a'zolari Ali Abdulla Solihni tinch aholi o'limida ayblamoqda. Qabila oqsoqoli shayx Sodiq al-Ahmar fikricha prezident iste'foga chiqishi kerak.

Juma kuni poytaxt Sanoda namoyishchilar o'qqa tutilib, 52 nafari nobud bo'lgach, Yamanda favqulodda holat e'lon qilingan. Inson huquqlari masalalari bo'yicha vazir Xuda al-Ban va Yamanning BMTdagi elchisi Abdulla al-Saidiy zo'ravonliklarga norozilik bildirib, iste'fo bergan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ham zo'ravonliklarni qoralab, hukumatni tinch aholini himoya qilishga chaqirgan.

"Mamlakatda barcha siyosiy kuchlari muloqot qilib, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish kerak", - deydi BMT rahbari.

Yakshanba kuni prezident Solih Vazirlar Mahkamasi a'zolarining barchasini ishdan bo'shatgan.