Tojikistonda radikal diniy oqim – salafiylar kuchaymoqda


Tojikiston yoshlari orasida islomning salafiy oqimiga ergashayotganlar ko’payib borayotgani bu mamlakat rahbarlarini tashvishga solib qo’ygan. Salafiylar islom dini vujudga kelganida qanday e’tiqod qilingan bo’lsa, bugun ham unga shunday amal qilish kerak deb hisoblaydi.

Dinshunos olimlar bu oqimni mutaassib, ya’ni ekstremist mafkuraga asoslangan harakat deb ataydi.

Respublika Bosh prokurori Bobojon Boboxonov salafiylar qonunni buzsa, ularning faoliyati taqiqlanadi deya ogohlantirmoqda. Tojikiston Ichki ishlar vaziri Maxmadnazar Soliyev esa jamoatchilikni salafiylar harakatiga qarshi turishga chaqirmoqda.

Islomga amal qiluvchi Tojikiston yoshlari keyingi yillarda Salafiy oqimiga qo’shilib bormoqda.

Ulamolarga ko’ra, “Salafiylar” – Islomning sunniy mazhabidagi, aqidasi fundamentalistik nazariyaga tayanuvchi oqim. Tojikistonda ko’zga ko’ringan ulamolardan biri Hoji Akbar To’rajonzodaning aytishicha, bu oqim yaxshi moliyalangan va mohir boshqarilganda jamiyatga xavf tug’dirishi mumkin. Unga ko’ra, respublikaning ayrim rahbarlari farzandlari ham salafiylar orasida. To’rajonzodaning ta’kidlashicha, Tojikistonda salafiylar chet eldan moddiy ta’minot oladi.

Xo’jand Davlat Universiteti o’qituvchisi Norali Dehqonovning aytishicha, salafiylar vahobiylarning bir ko’rinishi bo’lib, “Hizb-ut-Tahrir”dan farqi yo’q.

“Salafiylar yangi nom, niqob ostidagi guruh sifatida paydo bo’ldi. Ularni tashkil qiluvchi, boshqaruvchi, maqsadga eltuvchi va ta’minlovchilar vahobiylar va “Hizbchi”lar. Ularni qo’llayotganlar Arabiston va G’arb mamlakatlari. Ko’zimizga do’st ko’ringani bilan orqa tomondan ish olib borishi mumkin bu davlatlar”,- deydi N. Dehqonov.

Mullo Badriddin ismli kishining aytishicha, salafiylarning aksari 25-30 yoshlargacha bo’lgan namozxonlar bo’lib, sho’rolar davridan so’ng aqidasi shakllangan yoshlardir. Uning fikricha, respublikada yetakchi mafkuraning yo’qligi sabab yoshlar diniy oqimlarga kirib ketmoqda.

«Keyingi ikki yil orasida turli masjidlarda kuzatishlarimga asoslanib ularni 50 ming atrofida chamalayman”, - deydi Mullo Badriddin.

Jome masjidlaridan birining so’fisi Shayx Saidahmad tashviqot-targ’ibot tufayli oradagi nizolar yo’qolganini ta’kidlaydi.

“Masjidda ular bilan sanu manga ham borishgan paytlari bo’lgandi. Chunki “Omin”ni baqirib aytgandan keyin qariyalar o’qiyotgan namozlarini unutib qo’yib, asablari buzilib, achchiqlari chiqqandan nima qilishlarini bilmay qolgan darajaga borgan edi. O’zlarini bilag’on ko’rsatib, mahzabimizdagilarni nazarlari ilmay qo’ygan edi. Ehson Boboning chiqqan maqolalaridan keyin bular bari to’g’ri yo’lga kirib, chollarga ozor bermayapti,”- deydi So’fi Saidahmad.

Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, salafiylar Tojikistonda 3-4 yildan beri tashviqot olib bormoqda. Rasmiylarning salafiylarga qarshi targ’ibotini hozir respublika matbuotida tez-tez ko’rish mumkin. Yoshlar orasida salafiylarga ixlosning ortgani hukumat rahbarlarini tashvislantiradi. Manbalarning bildirishicha, viloyat prokurorlari salafiylarni hatto masjidga kiritmaslikka chaqirgan.

Zafarabod nohiyasining Jomiy mahalla qo’mitasi raisi Mavjuda Sig’izboyeva yoshlar turli diniy oqimlarga kirib ketayotganligi sababini og’ir iqtisodiy holat va ularning targ’ibot-tashviqotdan chetda qolayotgaida ko’radi.

“Elektr toki bo’lmayotganligi sabab televizor ko’rish yo’q. Ilgari gazeta-jurnallarga obuna bo’lishar edi. Hozirgi vaqtda bunga qiziqish kam. Shuni uchun ham bolalarimiz yo’ldan chiqdi,”- deydi mahalla qo’mitasi raisi Mavjuda Sig’izboyeva

Nomini bildirishni istamagan salafiylardan birining aytishicha, kelajak ularnikidir va ular endi baqirmasdan, jim turib yengishni o’rgandilar.

XS
SM
MD
LG