Obama: Iroq javobgarlikni qo'lga ola boshlashi kerak


Prezident Barak Obama Yevropa safaridan vatanga qaytdi. 7 aprel kuni kutilmaganda Iroqqa tashrif buyurib, amerikalik qo’mondon va askarlar hamda Iroq rahbarlari bilan muloqot qilgan.

Obamaning aytishicha, kelasi 1,5 yil Amerikaning Iroqdagi harbiy operatsiyalari uchun sinov davri bo’ladi. Iroq xavfsizlik kuchlari mamlakat kelajagini o’z qo’liga olish payti yetdi, dedi AQSh rahbari.

Oq uy uchun poyga va senatorlik davrini hisobga olmaganda, bu Barak Obamaning Amerika prezidenti sifatida Iroqqa ilk tashrifi. Bag’dodning kuchli qo’riqlanuvchi Yashil Zonasida Obama Amerika harbiylari bilan uchrashib, ularga minnatdorchilik izhor etdi.

“Iroqdagi harbiy missiya muhim bir pallaga kirmoqda. AQSh harbiy kontingenti mamlakatni tark eta boshlar ekan, barqarorlik uchun javobgarlik mahalliy armiya va politsiya qo’liga o’tadi. Iroq rahbariyati bunga tayyor turishi kerak”, - deydi Barak Obama.

Rejaga ko’ra, 2010 yil oxiriga borib AQSh jangovar brigadalarining aksariyati vatanga qaytadi. Iroq hukumatini mamlakat kelajagini belgilaydigan murakkab, siyosiy qarorlar kutmoqda. Lekin Obamaning aytishicha, AQSh ma’muriyati Afg’oniston va Pokistonga ko’proq e’tibor qaratishi Iroq nazardan chetda qoldi degani emas.

“Amerika Iroqning strategik hamkori bo’lib, suveren va barqaror, o’z-o’zini himoya qila oladigan mamlakatga aylanishini qo’llab-quvvatlaydi”.

AQSh rahbari Yevropa bo’ylab safari chog’ida Londonda 20 mamlakat iqtisodiy sammiti va NATO yig’ilishida ishtirok etdi. Turkiyada yoshlar bilan muloqot qilib, G’arb-u Sharq o’rtasidagi ziddiyatlar borasidagi savollarga javob berdi.

Iroq urushiga boshidan qarshi chiqqan bo’lsangiz, nega Amerika harbiylari hamon Iroqda qolmoqda, degan savolga Obama “siyosatni bir kunda o’zgartirib bo’lmaydi, masalaga mas’uliyat bilan yondashish lozim”, dedi.

XS
SM
MD
LG