Breaking News

O'zbekiston bosh qomusi, AQSh bilan aloqalar Kongress Kutubxonasi e'tiborida


O'zbekiston bosh qomusi, AQSh bilan aloqalar Kongress Kutubxonasi e'tiborida
O'zbekiston bosh qomusi, AQSh bilan aloqalar Kongress Kutubxonasi e'tiborida

16-dekabr kuni Vashingtondagi Kongress Kutubxonasida O’zbekiston konstitutsiyasining 19 yilligiga bag’ishlangan tadbir bo’lib o’tdi.

1991-yilda Sovet Ittifoqidan ajralib, mustaqillikka erishgan 15 respublika qatorida O’zbekiston ham bosh qomusini ishlab chiqib, yangi davlat va jamiyat qurilishi uchun zamin yaratdi, deydi Kongress Kutubxonasining qonun va huquq bo’limi rahbari Roberta Sheyffer (Roberta Shaffer).

Yig’inda O’zbekistonning AQShdagi elchisi Ilhom Ne’matov va AQSh rasmiylari ham so’zladi.

Kongress Kutubxonasi, Vashington
Kongress Kutubxonasi, Vashington

Kongress Kutubxonasi Amerika qonunchilik organi joylashgan Kapitoliyning shundoq yonida. Bag’oyat serhasham, jozibali imorat. Koridorda O’zbekiston mustaqilligining 20 yilligini ulug’lovchi suratlar osilgan.

Tadbirga taklif qilinganlarning aksariyati Kongress tadqiqot markazi xodimlari, asosan Markaziy Osiyo bo’yicha izlanadigan va ma’lumot to’plab, AQSh qonunchilariga uzatib turadigan ekspertlar.

Kongress Kutubxonasining yetakchi mutaxassislaridan biri Piter Rudik (Peter Roudik) deydiki, O’zbekistonda yaqin yillar ichida qonunchilik ancha mustahkamlandi.

Piter Roudik (Peter Roudik), Kongress Kutubxonasida huquqiy izlanishlar bo'limi rahbari
Piter Roudik (Peter Roudik), Kongress Kutubxonasida huquqiy izlanishlar bo'limi rahbari

"Qonuniy tizim sifati qonuniy izlanish sifatiga bog’liq. O’zbekistonda shunga guvohmizki, qabul qilinayotgan qonunlar ortida mamlakat tadqiqotchilari turibdi".

Olim bunga misol tariqasida O’zbekiston akademiklari yozgan kitoblar va ilmiy ishlarni keltiradi. Samara darrov sezilmasligi mumkin, deydi u, ammo ilm-fan ahli qonunchilik yaxshilanishi uchun o’z hissasini qo’shmoqda, deydi Piter Rudik.

O’zbekiston konstitutsiyasiga kiritilgan so’nggi o’zgartirish – prezident vakolati muddati yetti yildan besh yilga kamaytirilgani. Kongress Kutubxonasi eksperti fikricha, bu ijobiy o’zgarish.

"O’zbekiston o’z tizimini, qonunlarini xalqaro me’yorlarga moslashtirishga urinmoqda. Bu yaxshi. Mamlakat oldida juda murakkab siyosiy-iqtisodiy-ijtimoiy muammolar turibdi. Huquqshunoslar oldida turgan asosiy vazifa, nazarimda, yurtni qonun ustuvorligi tomon yetaklash", - deydi Piter Rudik.

Ilhom Ne'matov, O'zbekistonning AQShdagi favqulodda va muxtor elchisi
Ilhom Ne'matov, O'zbekistonning AQShdagi favqulodda va muxtor elchisi

O’zbekistonning AQShdagi favqulodda va muxtor elchisi Ilhom Ne’matov deydiki, respublika har jihatdan mustahkam jamiyatga aylanishni maqsad qilgan.

"Yangi davlat oldidagi eng ustuvor maqsad – yurtimiz tinchligi va barqarorligini saqlash, aholining zaif qatlamlarini himoya qilish, xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinish, demokratik davlat qurish uchun zarur tashkiliy va huquqiy poydevor yaratish bo’lgan", - deydi elchi Ne’matov.

G’arbda O’zbekistonga nisbatan tez-tez yangraydigan tanqidlardan biri shuki, respublikada siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar juda sust. Diplomat Kongress Kutubxonasida qilgan ma’ruzasida buning aksini izohlab berdi.

1992-yilning 8-dekabrida qabul qilingan yangi konstitutsiya tub islohotlar uchun zamin yaratgan, deydi u. O’zbekiston bugun bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyat va siyosiy tuzum ham katta o’zgarishlarni boshdan kechirdi.

Kongress Kutubxonasida O'zbekiston ko'rgazmasi, Vashington
Kongress Kutubxonasida O'zbekiston ko'rgazmasi, Vashington

O’zbekiston bugun demokratik parlament, ijroiya va adliya organlariga ega, deydi elchi Ne’matov.

"O’zbekiston konstitutsiyasining 2-moddasida qayd etilganidek, davlat xalq istak-xohishini aks ettiradi va xalq manfaati uchun xizmat qiladi. Davlat organlari jamiyat va fuqarolar oldida javobgar".

Elchi bosh qomus mazmunini tushuntirishdan tashqari AQSh bilan aloqalar qanday ekaniga ham to’xtaldi.

Vashington O’zbekistonni davlat sifatida birinchilardan bo’lib tan olgan. 20 yillik munosabatlarda o’ta sovuq davrlar ham, bag’oyat iliq damlar ham bo’lgan. 2001-yildan keyin jadallashgan strategik hamkorlik 2005-yilda Andijonda yuz bergan xunrezlik ketidan juda keskinlashgan edi.

Amerika-O’zbekiston aloqalari oxirgi ikki yil ichida yangi bir bosqichga kirdi. Bugungi hamkorlik asosan Afg’oniston bilan bog’liq. Lekin Islom Karimov ma’muriyati Vashington bilan boshqa sohalarda ham birga ishlashga shay. Yangi iqtisodiy loyihalar boshlab, sarmoya ko’lamini oshirish uchun harakat ketmoqda.

Jon Anderrayner (John Underriner), Davlat departamentida Markaziy Osiyo idorasi rahbari
Jon Anderrayner (John Underriner), Davlat departamentida Markaziy Osiyo idorasi rahbari

Elchi Ne’matov amerikaliklar va bu yurt ishbilarmonlari O’zbekistondan xavfsiramasligi kerak deydi. Davlat departamenti respublikani xavfli hudud deb ta’riflashga shoshmasligi kerak, deydi u, bu yil boshida chiqqan ogohlantirishlarga ishora qilib. “O’zbekiston terror xurujlari ehtimoli kuchli davlat” degan yo’riqnoma yaqinda Davlat departamenti tomonidan bekor qilindi. Ilhom Ne’matovning aytishicha, o’tgan yili O’zbekistonga 1000 dan oshiq amerikalik sayyoh borgan. Maqsad – ko’proq turist jalb etish, deydi u.

AQSh Markaziy va Janubiy Osiyoni bir-biriga yaqindan bog’lovchi Yangi Ipak Yo’li barpo etish kerak deb chiqqan. Hukumatlarning javobi shuki, bunday savdo yo’llari allaqachon mavjud. Ilhom Ne’matovning aytishicha, O’zbekiston ularni kengaytirishga va bu borada AQSh bilan ishlashga tayyor.

"Avvalo, O’zbekiston Afg’onistonda tinchlik va barqarorlikdan manfaatdor. Shu maqsad yo’lida O’zbekiston mintaqaviy loyihalarni olqishlaydi va quvvatlaydi", - deydi elchi.

AQSh Davlat departamentida Markaziy Osiyo masalalari idorasi rahbari Jon Anderrayner (John Underriner) deydiki, mamlakat bosh diplomati Xillari Klintonning oktabr oyidagi safari aloqalarni yana bir pog’onaga ko’targan. Klinton xonim va prezident Islom Karimov orasida kechgan ikki-yarim soatlik muloqot har tomonda katta umidlar uyg’otgan. Inson huquqlari va demokratiya targ’iboti chetga surilmagan, deydi Jon Anderrayner.

Kongress Kutubxonasi, Vashington
Kongress Kutubxonasi, Vashington

"Har bir uchrashuvda bu masala ko’tariladi. Biz o’z fikr-qarashlarimizni bildirib kelayapmiz. Fuqaro jamiyati rivojlanishi uchun hissa qo’shishda davom etamiz",- deydi Anderrayner.

AQSh serqirra hamkorlik tarafdori. Kelishmovchiliklar bor, deya tan oladi u, masalan huquq ahvoli va demokratiya bobida.

Klinton xonim qisqa tashrifi davomida Toshkentda qayerga bormasin, kim bilan gaplashmasin, huquq va erkinlik masalasini ko’tardi. O’zbekiston ilmiy va iqtisodiy jihatdan kuchli potensialga ega jamiyat va fuqarolar oldida imkoniyatlarni kengaytirish kerak deya undadi. Obama ma’muriyati mana shu pozitsiyasida qoladi va O’zbekiston hukumatini ijobiy o’zgarishlar tomon dadil qadam tashlashga undashda davom etadi, deydi Jon Anderrayner.

O’zbekiston yoshlari va mutaxassislari uchun Amerikaga kelib o’qish va malaka oshirish imkoniyati kengaytiriladimi, ya’ni AQSh tomonidan quvvatlanadigan dasturlar ko’payadimi degan savolimizga Davlat departamenti rasmiysi Jon Anderrayner shunday javob qiladi:

"Bu dasturlar har ikki tomon manfaatlari uchun xizmat qiladi. Yoshlarmi, parlament a’zolari yoki turli soha xodimlari, tibbiyot, ta’lim va ilmiy izlanishlar yo’nalishida, bu programmalarning foydasi beqiyos. Ularni kengaytirishga harakat qilayapmiz. Lekin hozirgi qiyin iqtisodiy sharoitda moliya bobida aniq bir narsa deyish qiyin, ammo harakat katta", - deydi Anderrayner.

Kongress Kutubxonasiga yaqindan nazar:

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG