Breaking News

Kastrodan keyingi Kuba, Obamadan keyingi AQSh: Aloqalar qanday bo'ladi?


Fidel Kastroning kuli oxirgi manzilga olib ketilmoqda, Gavana, 30-noyabr, 2016
Fidel Kastroning kuli oxirgi manzilga olib ketilmoqda, Gavana, 30-noyabr, 2016

Kubaning yarim asrlik rahbari Fidel Kastro vafot etgani dunyo bo’ylab o’ziga xos shov-shuvga sabab bo’ldi. Jahon ahli uni esladi. O’tgan yildan beri Amerika va Kuba aloqalari ancha iliqlashgan. 1959-yildan beri hamkorlik qilmagan davlatlar endi bir-biriga yaqinlashishga urinmoqda. Lekin bu jarayon Donald Tramp prezidentligi bilan to’xtashi mumkin.

Fidel Kastro Kubadagi iqtisodiy inqiroz va qiyinchiliklarda asosan AQShni ayblar edi. Kommunist ekanimiz uchun bizni jazolashmoqda, der edi. Fransiya rahbari Fransua Olland fikricha, embargoni olib tashlash vaqti keldi.

"Kuba Fidel Kastro bilan vidolashar ekan, bu mamlakatga qo’yilgan cheklovlar bekor qilinsin, deyman. Kuba xalqaro hamjamiyatning to’laqonli a’zosi sifatida qabul qilinib, embargodan ozod etilsin”, - deydi u.

AQSh o’tgan yildan beri sanksiyalarning ayrimlarini olib tashladi yoki yumshatdi. Lekin biznes sohasida to’siqlar hali talay. Xususiy sektor orol-davlat bilan ishlay boshlashi uchun ko’plab cheklovlar bekor qilinishi kerak bo’ladi.

Asli kubalik demokrat senator Bob Menendez fikricha, Kastroning o’limi Kubani erkinlikka tomon yetaklaydi. Biroq u mamlakatda keskin o’zgarishlar bo’lishiga ishonmaydi.

“Kubada biznes qilmoqchimisiz? Mehmonxona yoki turizmga qiziqayapsizmi? Kuba rahbari Raul Kastroning o’g’li bilan til topishish kerak. Qishloq xo’jaligi sohasiga sarmoya kiritmoqchimisiz? Raul Kastroning kuyovi bilan gaplashasiz. Har ikkisi harbiy qo’mondonlar hamdir”, - deydi u.

Tramp davrida Kuba bilan aloqalar qanday bo'ladi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:48 0:00

Yaqinda prezidentlikka saylangan Donald Tramp saylov kampaniyasi paytida Kubani ham, u bilan aloqani yo’lga qo’ygan Obama ma’muriyatini ham qoralagan. Kommunist tuzum - johil sistema, degan edi u.

“Barak Obama Kuba bilan munosabatlarni yaxshilash uchun hech kimdan ruxsat so’ramay, o’z vakolatlari doirasida qarorlar qilgan. Bu degani, men prezident bo’lsam, bu qarorlarni bemalol bekor qilishim mumkin. Kuba bizning talablarimizga ko’nmas ekan, diniy va siyosiy erkinliklarga yo’l ochmas ekan, xalqni ezaverar ekan, jazolanaveradi”, - deydi Tramp.

Bo'lajak prezident hozir o’z ma’muriyatini tuzmoqda. Uning atrofidagi odamlar so’zi bilan aytganda, Kuba Qo’shma Shtatlar bilan apoq-chapoq bo’lishi uchun tubdan o’zgarishi kerak, shartlarga bosh egishi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG