Breaking News

Inauguratsiya ketidan Trampga qarshi namoyishlar

Donald Tramp AQShning 45-prezidenti sifatida qasamod keltirishidan bir kun o'tib Vashington ko'chalari namoyishchilar bilan to'ldi. Voqeani jonli blogimizda kuzatib boring.

Barak Obama Oq uydagi so'nggi kunida AQSh xalqiga maktub yo'lladi

Prezident Barak Obama Oq uydagi so'nggi matbuot anjumanini tugatmoqda, 18-yanvar, 2017-yil.
Prezident Barak Obama Oq uydagi so'nggi matbuot anjumanini tugatmoqda, 18-yanvar, 2017-yil.

AQSh Prezidenti Barak Obama Oq uydagi so'nggi kunida Amerika xalqiga maktub yo'lladi. "Amerikaning asl qudrati sizsiz, butun kuchimiz sizda", - dedi u yurtdoshlariga.

Muddati tugar ekan, har bir prezident ommaga shunday ochiq xat bitadi. Oq uyda erishgan yutuqlari, yo'l qo'ygan xatolari va olgan saboqlari haqida bayon qiladi.

Dunyodagi eng kuchli davlatni boshqarish naqadar muqaddas, murakkab va mas'uliyatli vazifa ekanini qayd etdi.

"Siz meni yaxshiroq prezident, yaxshiroq inson qildingiz", - deydi Obama.

Prezident xalqidan minnatdor. Demokratiya xalq irodasiga asoslanadi, deya yozdi u.

"O'tgan sakkiz yil mobaynida siz men uchun yaxshilik, matonat va umid manbai bo'ldingiz. Menga kuch berdingiz".

Har qanday muammoni hal eta olamiz, har qanday cho'qqini zabt eta olamiz, deya prezidentlikka kelgan Obama Oq uydagi oxirgi kunida ham xalqqa shunday mazmunda murojaat qildi:

"Progress sekin lekin bir narsani yodda tuting: Amerika bir inson mehnatining mahsuli emas. Yer yuzidagi eng qudratli davlatda eng qudratli so'z bu - biz. Biz - xalq. Biz hamma narsaga bardosh bera olamiz. Biz har qanday qiyinchilikni yenga olamiz".

Donald Tramp Arlington qabristoniga gulchambar qo'ydi

Prezident etib saylangan Donald Tramp 19-yanvar kuni Arlington milliy qabristoniga gulchambar qo'yishi bilan prezident inauguratsiyasi rasman boshlandi. Bugun, 20-yanvar kuni tushda Tramp qasamyod keltiradi va AQShning 45-prezidenti sifatida Oq uyga kirib boradi.

Tramp qasamyod keltirishi bilan ishga kirishmoqchi

Donald Tramp mahalliy vaqt bilan tushda, 12:00 atrofida AQShning 45-prezidenti sifatida qasamyod keltiradi.

Uning aytishicha, qasamyod keltirish marosimida xalq ajoyib narsaning guvohi bo'ladi. Tramp qattiq mehnat qilishga, "Amerikani yana buyuk qilish"ga va'da berdi. Amerikani yana buyuk qilamiz, degan jumla uning saylov kampaniyasi davridagi shiori edi.

19-yanvar kuni Tramp sharafiga o'tkazilgan konsert marosimidan so'ng bo'lajak prezident oilasi bilan Linkoln yodgorligi poyiga keldi va minglab yig'ilganlar oldida hozir Amerikani butun dunyo kuzatayotganini aytdi.

"Hammasi bugun boshlanadi! Barchangiz bilan ertalab 11:00 da qasamyod marosimida ko'rishguncha. HARAKAT DAVOM ETADI - ISH BOSHLANYAPTI!", - deb yozdi Tramp "Twitter"dagi sahifasida.

Namoyishlar

19-yanvar oqshomida Vashingtonda Trampga qarshi namoyishlar boshlandi. Yangi prezidentdan norozi bir guruh odamlar Milliy matbuot klubi binosi oldida politsiya bilan to'qnashgan.

Ular, "Tramp kerak emas, fashist AQSh kerak emas", deb qichqirgan. Ba'zilar politsiyachilarga buyumlarni otgan. Ko'chalardan birida olov ham yoqilgan. Politsiya yig'ilganlarga qarshi ko'zdan yosh oqizuvchi suv purkagan.

Trampning nutqi

Trampning Oq uy uchun tayinlangan yangi matbuot kotibi Sin Spayserning qasamyod kunidan bir kun oldin aytishicha, bo'lajak prezident hanuz o'z nutqi ustida ishlamoqda.

Unga ko'ra, nutqda Trampning Amerika kelajagi haqidagi qarashlari aks etadi.

Oq uyning yangi rahbari o'z murojaatida AQSh yuzlashib turgan muammolar haqida ham gapiradi.

Donald Tramp rafiqasi Melania Tramp bilan Linkoln yodgorligi oldida, 19-yanvar, 2017-yil.
Donald Tramp rafiqasi Melania Tramp bilan Linkoln yodgorligi oldida, 19-yanvar, 2017-yil.

Trampning Prezident sifatida qiladigan ilk ishlari

Spayserning aytishicha, Tramp qasamyod keltirgan kundan boshlab, bir nechta farmonga imzo chekadi. U shu orqali Obamaning ayrim qarorlarini bekor qilmoqchi. Tramp haqiqiy o'zgarishlarni darhol amalga oshirishga kirishadi, deydi Spayser.

Butun dunyo nigohi Vashingtonda

Ikki soatdan so'ng Donald Tramp AQShning navbatdagi prezidenti sifatida qasamyod keltiradi. Bahsli va murosasiz kurashga boy kechgan saylov kampaniyasi ortidan g'alaba qozongan Donald Tramp tashqi va ichki siyosatda o'zgarishlar qilishi haqidagi bir qator keskin fikrlari bilan tanilgan. Shu bois uning hokimiyatga kelishi nafaqat Amerika xalqi, balki butun dunyo uchun muhim voqea.

AQShning an'anaviy ittifoqchilari - Yevropa Ittifoqi, NATO harbiy tashkiloti va hatto Birlashgan Millatlar Tashkiloti Tramp ma'muriyati davrida amaldagi xalqaro tartibda o'zgarishlar yuz berishi mumkinligidan xavotirda.

45-prezident inauguratsiyasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:00:12 0:00

Ko'proq...

XS
SM
MD
LG