Breaking News

Qirg’izistonda yer ko’chib, 24 kishi o'lgan


Bu hafta Qirg’izistonning O’sh viloyati O’zgan tumanida ro’y bergan yer ko’chki 24 nafar inson halokatiga sabab bo’ldi. Yakshanba mamlakatda motam kuni, deb e’lon qilindi. Ko’chki tahdidi ostidagi xonadonlarga bexatar joyga ko’chib o’tish taklif qilingan, ammo odamlar bundan bosh tortgan.

Mutaxassislarga ko’ra, Qirg’iziston hududida 2500 ga yaqin ko’chki xavfi mavjud maydon qayd etilgan bo’lib, ularning anchasi tarqoq tog’ ovullari yaqinida joylashgan. Odatda bu yildagiday seryog’in davrlarda yer qatlamining siljish jarayoni faollashadi.

Aytish joizki, ko’p yillardan buyon hukumat bunday joylarda yashovchi aholini bexatar maskanlarga ko'chirishga urinib keladi, ammo bu harakat besamara
ketmoqda.

Ko’chki ostida qolgan insonlarning jismlarini qidirish ikki kundan buyon davom etmoqda. Rasmiylar qurbonlar aytilgandan ko’proq bo’lishi ehtimolini bildirmoqda.

Prezident Atambayev tabiiy ofatdan jabr chekkanlarga hamdardlik izhor qilar ekan, odamlarni tegishli idoralar tavsiyalariga quloq tutishga chaqirdi.

O’sh viloyati gubernatorining o’rinbosari Ahmadjon Mahammadov axboroticha, fojia yuz bergan mahalla ahli boshqa joyda qo'nim topadi. Tegishli yer maydoni ajratiladi.

Mulozim deydiki, Favqulodda holatlar vazirligi hamda mutasaddi tashkilotlar tavsiyalaridan bosh tortayotgan xonadonlarni, kerak bo’lsa, sud qarori bilan kochirishga to’g’ri keladi.

O'sh viloyati O'zgan tumani
O'sh viloyati O'zgan tumani

Qirg’iziston Fanlar akademiyasining Janubiy bo’limi rahbari, ekolog-olim Biymirza To’kto’raliyevning aytishicha, ko’chkilar ko’payishiga asosan iqlim o’zgarishi hamda insonlarning ho’jasizligi oqibatida tabiatdagi muvozanatning buzilishi sabab bo’lmoqda.

2000-yillar boshida hukumat xavfli hududlarda betartib ravishda qurilgan kichik qishloqlarning aholisini bexatar maskanlarda joylashtirish rejasini olg’a surgan. Akademik To’kto’raliyevga binoan ushbu g’oya ulkan mablag’ va keng ko’lamli tashkiliy ishlarni talab qilgani bois, qog'ozda qolib ketgan.

“Yer ko’chkilarining oldini olishning eng oddiy va samarali usuli bu qir-adirlarni ko’kalamzorlashtirish, dov-daraxtlarni ko’paytirish. Afsuski, buning o’rniga tog’- o’rmonlari kesilib ketmoqda. Aholi orasida tushuntirish ishlarini faollashtirish, mas’uliyatni oshirish, tabiatni muhofaza qilish choralarini amalda ishga oshirish lozim”, - deydi olim.

XS
SM
MD
LG